English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Klasterning afzalliklari nimada?
18:52 / 2019-10-15

Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan “Bek Sluster” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi Oʻzbekiston – Buyuk Britaniya qoʻshma korxonasi paxtakorlari joriy yil 36 ming tonna paxta tayyorlashga azmi qaror qilgan.


Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan “Bek Sluster” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi Oʻzbekiston – Buyuk Britaniya qoʻshma korxonasi paxtakorlari joriy yil 36 ming tonna paxta tayyorlashga azmi qaror qilgan.

Ana shu ezgu maqsad yoʻlida erta bahorda 14 ming 500 gektar maydonga chigit ekildi. Paxtachilikka ixtisoslashgan 8 xoʻjalikda 200 ga yaqin oilaviy pudratchilar barcha zarur agrotexnik tadbirlarni talab darajasida amalga oshirib, moʻl hosil yetishtirdi.

Qoʻshma korxonada yetishtirilayotgan nafaqat paxta, boshqa ekin turlarining ham yangi va istiqbolli navlarini yaratish, moʻl hosil olish, saqlash va qayta ishlashni ilmiy jihatdan asoslangan holda toʻgʻri amalga oshirish uchun malakali mutaxassis va olimlar bilan izchil hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Yangi texnika va ilgʻor texnologiyalarni sinash, innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish, olimlarning erkin ishlashi uchun qulay muhit yaratishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Ayni paytda korxonada 5 mingdan ziyod doimiy ishchi mehnat qilayotgan boʻlsa, 25-30 ming kishi mavsumiy ishchilarga jalb etiladi. “Bek Sluster” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan rejalashtirilgan barcha loyihalar ishga tushirilsa, doimiy ish bilan taʼminlanganlar soni 10 mingdan ortadi.

Paxta va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish innovatsion texnologiyalar asosida amalga oshirilmoqda. Jamoa aʼzolari paxta hosilini asosan mashinada terib olishni maqsad qilgan. Ayni paytda AQSH texnologiyasi asosida Xitoyda ishlab chiqarilgan 6 qatorli 16 ta zamonaviy paxta terish mashinasi klaster dalalarida yuqori unum bilan ishlatilmoqda.

Bundan tashqari, qoʻl terimida Mirzaobod tumani hududidagi “Bek Sluster”ning 5 ta xoʻjaligida 1000 nafar oilaviy pudratchilar, 15 ming nafar shu tumandagi mahallalarning, Xovos tumanidagi 3 ta xoʻjalikda 600 nafar va shu tumanda istiqomat qiluvchi 10 ming nafarga yaqin hasharchilar yigʻim-terimda faol ishtirok etmoqda.

Terilgan paxta hosili jamoaning oʻziga tegishli boʻlgan 115 dona transport traktorlari bilan 230 dona tirkamalarda va transport xizmati koʻrsatish firmasidan chaqirilgan 6 dona paxta tashish yuk avtomobillarida “Bek Sluster” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli Turkiyaning “SUMER” kompaniyasi bilan hamkorlikda barpo qilingan paxtani qayta ishlash zavodiga peshma-pesh tashilib, shu yerning oʻzida 100 foiz paxta qayta ishlanmoqda.

Qayta ishlangan paxta mahsulotidan mato toʻqish, uni boʻyash hamda undan erkaklar, ayollar, bolalar, yotoq, uy-roʻzgʻor kiyimlari, umuman 90 xildagi mahsulotlar “Bek Sluster” masʼuliyati cheklangan jamiyati tasarrufidagi “Orzu teks”, “Sarbon teks” MCHJlar hamda “Welford” qoʻshma-korxonasida tayyorlanmoqda. Mahsulotlarning asosiy qismi xorijga eksport qilinmoqda.

– 16 dona paxta terish mashinalarimiz bilan bir kunda 1-1,1 ming tonna, hasharga chiqqan qoʻl terimidagilarning tergan paxtasi bilan qoʻshib hisoblaganda, 1,5-1,6 ming tonna qimmatbaho xom ashyo yigʻib-terib olinmoqda, – deydi “Bek Sluster” MCHJ shaklidagi qoʻshma korxonasi tashkiliy nazorat guruhi boshligʻi Elyor Jumayev. – Shu kungacha uygan xirmonimiz 25 ming tonnadan ortdi. Bu belgilangan rejamizning 70 foizidan oshdi, deganidir. Maqsadimiz har gektar maydondan 32 sentnerdan hosil koʻtarish. Hali birinchi terimni oxiriga yetkazganimiz yoʻq. Hozircha hosildorlik oʻrtacha 30-35 sentnerni tashkil etmoqda.
Urugʻlik chigit “Bek Sluster” qoʻshma korxonasining oʻzida tayyorlanadi. Jamoa aʼzolari shu maqsadda, joriy mavsum urugʻlik uchun 1 ming 500 tonna paxta yigʻib-terib olishni rejalashtirgan boʻlib, shu kungacha 1 ming tonnadan ortiq urugʻlik oliy navli paxta terib olindi.
Bundan tashqari, joriy mavsumda jamoa aʼzolari 314 gektar maydonga tomchilatib sugʻorish usulida chigit ekkan edi.

– Mirzaobod tumanidagi paxta maydonimizning 214 gektariga, Xovos tumanidagi 100 gektar maydonga Turkiya va Xitoy texnologiyasini uygʻunlashtirib, unga oʻzbekona qoʻshimchalari bilan chigit ekdik, – deydi Elyor Jumayev. – Toʻgʻrisi, tomchilatib sugʻorish usulida boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari tajribamda uchragan, ammo tomchilatib sugʻoriladigan paxtani birinchi bor oʻz faoliyatimda koʻrayapman. Ishonasizmi, bu maydondan oladigan hosildorligimiz hozirning oʻzida 45-50 sentnerni tashkil etayotir. Bu yerda ham hali birinchi terim tugamadi. Xullas, natijalar kutganimizdan ziyoda.
“Bek Sluster”ga qarashli 3 ta MTP paxta yigʻim-terimi ishlarini olib borishga xizmat koʻrsatadi. Bu MTPlarning qoshida koʻchma ustaxonalar tashkil etilgan boʻlib, paxta terish mashinalarini yoqilgʻi bilan taʼminlash, zarurat tugʻilganida taʼmirlash, ehtiyot qismlarni yetkazib berish ishlarini dala boshida amalga oshirilayotgani alohida tahsinga loyiq.

AQSH texnologiyasi asosida Xitoyda ishlab chiqarilgan 6 qatorli paxta terish agregatlari ishi bilan tanishish maqsadida qoʻshma korxonaning Mirzaobod tumani hududidagi “Oqoltin” xoʻjaligi dalasida boʻldik.
– Har gektar paxta maydonidan 35 sentnerdan hosil koʻtarib, jami xirmonni 6 ming tonnadan oshirish maqsadida astoydil mehnat qilyapmiz, – deydi “Oqoltin” xoʻjaligi raisi Abdulla Dehqonov. – Siz hozir koʻrib turgan 2 dona 6 qatorli kombayn Sarvar Hakimovning oilaviy pudrat dalasida paxta termoqda. Xoʻjaligimizda bu serunum agregatlarning 4 tasi ishlamoqda. Operatorlarimiz Baxtiyor Shodmonqulov, Orif Karimov, Sarabek Pardayev, Bekzod Qurbonov va yana bir qator mexanizatorlarimiz har bir mashinada bir kunda 70-80 tonnagacha paxta terayotir.

Darvoqe, nafaqat ushbu xoʻjalikda, balki, “Bek Sluster” dalalarida paxta yigʻim-terimiga biriktirilganlar uchun ish 2 smenada tashkil etilgan. Bir smenada ishlayotgan qoʻl terimidagi hasharchilar uchun bir mahal, mashina terimida ishtirok etayotganlar uchun 4 mahal issiq ovqat tashkil etilganini ham alohida taʼkidlash lozim.

– Mashinaga gap yoʻq, – deydi 6 qatorli paxta terish mashinasini boshqarayotgan tajribali operator Baxtiyor Shodmonqulov. – Kabinasidagi qulayliklar, eshik-derazalaridagi shovqin va chang kiritmagich (izolatsiya), kondinsoner, oʻta qulay oʻtirgʻich oʻrindiqlar, xullas, komfortga gap yoʻq. Mazza qilib, charchamay ishlaysan.
Ushbu mashinalarda kechasi namgarchilik boʻlmagan paytlari yordamchim bilan bir kunda 70-80 tonnagacha paxta terapmiz. Paxta terish mavsumining oʻzida har bir operator 12 milliondan 20 million soʻmgacha oylik maosh olishimiz mumkin. Hammasi qilgan mehnatimizga, oʻzimizga bogʻliq.

– Klasterni afzallik tomonlari juda koʻp ekan, – deydi jamoaning tajribali bosh muhandisi Abdurashid Qarshiboyev. – Men ilgari, aynan shu yerlardagi kolxozda brigada boshligʻi, MTP rahbari boʻlib ishlaganman, keyinchalik fermer ham boʻldim. Avvalo klasterning afzalligi, menga qolsa, mehnatkashning moddiy manfaatdorligida ekan, deb aytgan boʻlardim. Mana oʻzimdan qiyos. Brigadir boʻldim, MTP raisi boʻldim mototsikl u yoqda tursin, maoshimga bitta oddiy velosiped ham ololmas edim. Hozircha, tagimda toychoqdek uchqur “Matiz” gijinglab yuribdi. Boshqa tomonlarini aytmay ham qoʻyaqolay.

– Klaster boʻlgunga qadar men aynan mana shu hozir oilaviy pudratchilik qilayotgan yerda fermer edim, – deydi suhbatga aralashib Sarvar Hakimov. – Qancha tirishmay, qancha mehnat qilmay hosildorlik 16-18 sentnerdan oshmagan. Yer boniteti past, shoʻrlanish darajasi oʻta yuqori edi. Hozir birinchi terim yarmiga yetdi, hosildorlik, oʻrtacha 42 sentnerdan toʻgʻri kelmoqda. Birinchi terimdan chiqqan har bir gʻoʻza niholida yana 8-10 tadan boʻliq koʻsak bor. Hali ikkinchi terim turibdi. Xudo xohlasa, yillik daromadimga “Neksiya-3” avtomobili olmoqchiman.

Darvoqe, bizdagi maʼlumotlarga qaraganda, “Bek Sluster” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxonaga qarashli maydonlarning yer ball boniteti oʻrtacha 45 ballni tashkil etgan ekan. Shundan kelib chiqib, tuproq tarkibida gumusni koʻpaytirish hisobiga yer unumdorligini oshirish maqsadida avvalo Janubiy Koreyadan olib kelingan maxsus texnikalar yordamida ekin maydonlaridagi barcha ariq va zovurlar toʻlaligicha tozalanib chiqilibdi. Melioratsiya va irrigatsiya tarmoqlari tizimi yoʻlga qoʻyilibdi. Natijada yer osti sizot suvlari uzoqlashib, shoʻri ham obi-tobida yuvilibdi.

Paxtaning har gektariga 800 kilogrammdan mineral oʻgʻit solinib, 5 tonnadan sharbat usulida mahalliy oʻgʻit oqizilgan. Gʻoʻza bargidan suspensiya bilan oziqlantirilgan. Bu agrotexnik tadbirlarni barchasini toʻla-toʻkis amalga oshirish uchun hatto oʻrtacha fermerning ham qudrati yetmaydi. Bu ham klasterning afzalliklaridan biri.

– Mustaqillikkacha Oʻzbekistonda yetishtirilgan paxta tolasi xorijga aytaylik, 1 soʻmga sotilib, oʻshandan tayyorlangan mahsulotni oʻzimizga olib kelib 100 soʻmdan pullashgan, – deydi “Bek Sluster” qoshidagi “Mirzaobod Universal Tried Cluster” MCHJ direktori Gʻanisher Normuhammedov. – Bugun birgina paxta klasterida, shu korxona ishchilari, texnikasi bilan yer tayyorlanib, chigit ekiladi, gʻoʻza parvarishlanib, hosili terib olinadi. Paxta qayta ishlanib, undan gazlama toʻqiydi, boʻyaydi, xullas, to eng soʻnggi, aytaylik, 100 foiz paxtadan tayyorlangan eng soʻngi rusumdagi, eng muhimi, inson tanasi sogʻlom boʻlishi uchun mutlaqo zararsiz boʻlgan koʻylakkacha tikilib, eksportbop tayyor mahsulot sotuvga chiqariladi. Xoʻsh, qaysi kolxoz yoki sovxozda, boringki bugungi fermerda, u hatto koʻp tarmoqli boʻlsa ham, mana shunday jarayon toʻliq amalga oshiriladi? Meni bilishimcha, hali klasterdan boshqa bunaqa keng imkoniyatli korxona boʻlmasa kerak.

Klasterning afzallik tomonlarini yanada kengroq tahlil qiladigan boʻlsak, shu jarayonlardagi barcha bajarilishi lozim boʻlgan ishlar, shu yerning oʻzida, mana shu mehnatkash xalq bilan amalga oshiriladi. Bu jarayon uchun sarf xarajatlar keskin pasayishini, keladigan daromad esa shu klasterda ishlayotganlarning oilasiga, klaster fondiga va qolaversa Vatanimiz iqtisodiyotining yuksalishiga xizmat qiladi.

Bularning barchasi Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xoʻjaligini isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlarning amaldagi ifodasidir.