Jahon iqtisodiyotida globallashuv, rivojlanishning bir tekis emasligi, mamlakatlar o‘rtasida raqobat kurashining keskinlashuvi bilan bog‘liq sifat o‘zgarishlari yuz bermoqda. Mamlakatimiz iqtisodiyotini jahon bozoridagi raqobatda teng kuchli ishtirokchiga aylantirish bugungi kunning kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalaridan biridir.
bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlari korxonalari oldida bir qancha muammolar mavjud va bu muammolarni “yolg‘iz” korxonalar yecha olishi amalda ilojsizdir.
Tahlilimizcha, Hozirgi kunda respublikamiz korxonalarida mavjud muammolar tahlil qilindi. Bunda sohaga oid eng muhim yangilik va axborotlardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lmaslik, turli korxonalarning bir-biridan alohidaligi, o‘zaro hamkorlik aloqalarining past darajadaligi, mavjud infratuzilmaning hozirgi kun talablariga javob bera olmasligi, ishlab chiqarish fondlari (asosiy fondlar, aylanma mablag‘lar)dan foydalanish darajasining pastligi evaziga mehnat unumdorligining pastligi aniqlandi.
Shu bois, hozirgi paytda iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari integratsiyalashuvining turli ko‘rinishlari, shu jumladan, klasterlar alohida ahamiyat kasb etadi. Mamlakat iqtisodiyotini boshqarishga klasterli yondashuv raqobatbardoshlikni oshirishning samarali usulidir.
Hozirgi kunda “Bek cluster” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona tarkibida 20 dan ortiq korxona iqtisodiyotning turli tarmoqlarida faoliyat yuritmoqda. Korxonalarda viloyat, qo‘shni viloyatlarda yashovchi va xorijiy davlatlardan 5 ming nafardan ortiq ishchi mehnat qilayotir. Ishchilarga munosib ish va turmush sharoitlarini yaratib berishga harakat qilayapmiz.
Jahon mamlakatlarida koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq muammoli vaziyat bo‘lishiga qaramasdan 2020 yil davomida “Bek cluster” MCHJ QK tarkibiga kiruvchi korxonalarimiz tomonidan 17 802 604,96 AQSH dollarilik turli mahsulotlar eksport qilindi. Eksport qilayotgan mahsulotlarimiz tarkibida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari salmoqli o‘rin egallaydi.
Kelajakda “Bek cluster” MCHJ QK tomonidan bir qancha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Davlat-xususiy sheriklikda amalga oshirilayotgan “O‘simlik mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash texnologiyalari ilmiy-amaliy markazi” loyihasi. Ushbu loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsiya vazirligiga o‘simlik mahsulotlarini yetishtirish va ularni qayta ishlashga taalluqli 3 ta grant loyihasi taqdim etilgan.
Markazga ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlarini o‘zida jamlagan laboratoriya uskunalarini olib kelib o‘rnatish bo‘yicha Gretsiya va Germaniyaning dunyoda tan olingan ishlab chiqaruvchi korxonalari bilan shartnomalar imzolangan. Loyihani amalga oshirishdan maqsadimiz – ilmiy-amaliy markazimizni nafaqat O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarida, balki butun dunyoda tan olinadigan ilmiy-tekshirish institutiga aylantirishdir.
Ijtimoiy issiqxona loyihasi. Loyiha Xovos tumanining chekka qishloqlari aholisi uchun 10 sotixli quyosh energiyasi hisobiga isiydigan issiqxonalar qurib berib, ularni doimiy ish va barqaror daromad bilan ta’minlashni ko‘zda tutadi.
Loyiha doirasida mingta issiqxona qurilib, kamida 2 ming nafar ish o‘rni yaratiladi. Issiqxonalarda qulupnay ko‘chatlari ekilib, yetishtirilgan hosilni Rossiyaga eksport qilish rejalashtirilgan. Qulupnay hosilini sotish bo‘yicha Rossiyaning yirik savdo tarmoqlari bilan dastlabki kelishuvlar amalga oshirilgan.
Ayni kunlarda loyiha bo‘yicha ishlar boshlanib, dastlabki 40 komplekt issiqxona poydevorini quyish va metall konstruksiyalarni o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihani amalga oshirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – aholini ish bilan ta’minlab, real daromadlarini ko‘paytirish, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishdan iborat.
Ip yigiruv, marli to‘qish, oqartiruv fabrikasi loyihasi. Loyihani Mirzaobod tumanining Ulug‘bek SIU hududida amalga oshirish rejalashtirilgan. “Bek cluster” MCHJ QK tarkibidagi “Mirzaobod universal trade” MCHJga tegishli paxtani dastlabki qayta ishlash zavodi ham o‘sha hududda joylashganligi loyihaning logistik afzalligini oshiradi. Loyiha amalga oshirilsa, 1 ming 443 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Tumanning eksport salohiyati 116 914 780 AQSH dollariga oshadi.
“Turonbank” va “Asakabank” aksiyadorlik tijorat banklari bilan hamkorlikda 63 gektar maydonda limonchilik issiqxonalarini qurish loyihasi. Ushbu loyiha amalga oshgandan so‘ng yiliga 5 ming 670 tonna limonni xorijga eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. 1 ming 236 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Keyinchalik tayyor limon mahsulotini qayta ishlab, turli sharbatlar ishlab chiqarish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish loyihasi.“Bek cluster” MCHJ QK tarkibidagi “Mirzaobod universal trade” MCHJda qishloq xo‘jaligi ishlarini nazorat va monitoring qilish uchun AQSHning “Trimble”, Belorussiyaning “Texnoton”, Ukrainaning “Cropio” raqamli dasturlaridan foydalanilmoqda.
“Cropio” dasturi yordamida qishloq xo‘jaligi ekin yerlari konturma-kontur sun’iy yo‘ldoshdan suratga olinadi. Olingan suratlar yordamida ekin yerlaridagi salbiy yoki ijobiy o‘zgarishlarni haftalar, oylar, yillar kesimida tahlil qilish va tegishli choralar dasturini ishlab chiqish imkonini beradi.
“Texnoton” dasturi masofadan turib qishloq xo‘jaligi texnikalarida yoqilg‘i sarfini nazorat qilish imkonini beradi.
“Trimble” dasturi esa transport vositalari harakatini masofadan turib nazorat qilish va to‘g‘ri logistik qarorlar qabul qilish imkonini beradi. Kelgusida korxonamiz paxta va g‘allani tomchilatib sug‘orish tizimini boshqarishni ham raqamlashtirishni rejalashtirmoqda.
Shu kabi yana bir qancha loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilib qo‘yganmizki, zero, bu harakatlarimiz vatanimiz iqtisodiy taraqqiyotining yuksalishi, xalqimiz turmush farovonligining oshishiga ozgina bo‘lsa-da foydasi tegsa, Vatan va xalq oldidagi o‘z burchimizni bajargan bo‘lamiz.
Ulug‘bek Sotiboldiyev,
Oliy Majlis Senati a’zosi.
O‘zA