Qishloq xo‘jaligi sohasining mamlakat iqtisodiyoti hamda aholi turmush farovonligidagi o‘rni va ahamiyati dolzarb. Mazkur soha rivoji dasturxonlarimiz to‘kinligi va turmushimiz fazyu barakasini ta’minlaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda klasterlar tomonidan 9,2 million tonna qishloq xo‘jaligi mahsuloti, shundan 1,8 million tonna paxta xom-ashyosi, 6,6 million tonna boshoqli don hamda 838 ming tonna meva-sabzovot yetishtirilgan.
Bu haqda Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi yig‘ilishida ma’lum qilindi. Yig‘ilishda senatorlar Qishloq xo‘jaligi vazirligining O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi doirasida 2021 yilda amalga oshirilgan ishlari to‘g‘risidagi axborotini eshitdi.

Axborotda qayd etilganidek, vazirlik tomonidan strategiya doirasida qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash hamda tomorqalardan samarali foydalanish maqsadida asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish, qayta ishlash va saqlash imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan.
Hududlarni muayyan turdagi mahsulotlar yetishtirishga bosqichma-bosqich ixtisoslashtirish maqsadida 79,3 ming gektar yer maydoni ajratilgan. Shuningdek, vazirlik huzurida “Agroservis operator” DUK tashkil etilib, 300 gektargacha maydonda plantatsiya usulida intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish va yetti yil muddatda to‘lash sharti bilan aholiga sotish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, 189,4 ming gektar maydonni qayta foydalanishga kiritish, cho‘l, adir hududlardagi lalmi-yaylov yerlarni o‘zlashtirish maqsadida irrigatsiya-mellioratsiya tadbirlarini amalga oshirish, nasos agregatlari o‘rnatish hamda sug‘orish quduqlarini qazish ishlari amalga oshirilmoqda.
Yig‘ilishda amalga oshirilgan ishlar bilan birga, o‘z yechimini kutayotgan ayrim muammolar ham borligi qayd etildi. Xususan, kreditlash va sug‘urtalash mexanizmini qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmog‘ini strategik ustuvor yo‘nalishlari hamda ehtiyojlariga mos ravishda takomillashtirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi hanuzgacha ishlab chiqilmagan. Bundan tashqari, fermer xo‘jaliklarini tugatish, qayta tashkil qilish jarayonida qonun buzilish holatlari yuzaga kelmoqda. Fermer xo‘jaligi rahbarlariga xabar bermasdan ularga ajratilgan yer maydonlari zaxiraga olib qo‘yilmoqda.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi fermer xo‘jaliklari nomi, rahbari, faoliyat turi, yer maydoni, shartnoma bo‘yicha hosil miqdorlarini belgilash, yer maydoni olib qo‘yilgan fermer xo‘jaliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘laqonli e’lon qilinmaganlik holatlari kuzatilmoqda. Bu esa fermer xo‘jaliklari huquqlari buzilishiga sabab bo‘lmoqda.
Yig‘ilishda taqdim etilgan axborot yuzasidan turli fikr-mulohazalar va takliflar bildirildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA