Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanidagi «Tashkent Sotton Textile Cluster» («TCT Sluster”) MCHJ tashabbusi bilan jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi.
Press-tur davomida ijodkorlar 2019 yil ish boshlagan ko‘p tarmoqli «TCT Sluster” MCHJ tarkibidagi paxta va g‘allachilikka ixtisoslashtirilgan «TST Agro Cluster”, sholichilikka ixtisoslashtirilgan “TCT Rice” va baliqchilikka ixtisoslashtirilgan “TCT Fish” klasterlari faoliyati bilan tanishtirildi.

“TCT Rice” klasterida bo‘lgan jurnalistlar klaster usulida sholi yetishtirish, saqlash va qayta ishlashning to‘liq sanoat zanjiri yaratilganiga guvoh bo‘lishdi. Tan olib aytish joizki, shu paytgacha, asosan, qo‘l kuchi va qo‘lbola uskunalardan foydalanib kelingan sholichilik tarmog‘i so‘nggi texnologiyalar bilan sanoatlashtirilgan ekan.

“TCT Rice” klasteri mutasaddilarining ma’lum qilishicha, investor tomonidan umumiy qiymati 25 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirilib, sholini qayta ishlash va saqlash majmuasi bunyod etilgani ayni muddao bo‘lgan.
Quyi Chirchiq tumanining «Surum» MFY hududidagi qarovsiz bo‘lib qolgan hududda tashkil etilgan majmua haqida qisqacha ma’lumot beradigan bo‘lsak, kompakt tarzida qurilgan kompleksning umumiy maydoni 6 gektarga teng. U o‘zida xirmon maydoni, umumiy sig‘imi 15 ming tonnalik 2 ta yopiq ombor, sholini tozalash va quritish sexi hamda sholini qayta ishlash zamonaviy zavodini birlashtirgan.

Klaster tomonidan 2,5 ming gektardan ortiq yerda sholi parvarishlanib, olingan hosil shu yerda qayta ishlanadi.
Sholini qayta ishlash zavodi Turkiyaning “Yashar Makina” kompaniyasidan keltirilgan eng so‘nggi rusumdagi uskuna va dastgohlar bilan jihozlangan. Bir mavsumning o‘zida 40 ming tonna mahsulotni qayta ishlash quvvatiga ega.
Zavodning to‘rtta liniyali sholini tozalash va quritish sexi mavjud bo‘lib, ularning har biri yordamida bir smenada 120 tonna sholini quritish mumkin ekan. Shuningdek, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan laboratoriya faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda qabul qilinayotgan sholining namligi, quritish va qayta ishlash jarayonlari, shuningdek, guruch mahsulotlarining sifat ko‘rsatkichlari doimiy nazorat qilinar ekan.

Press-turning navbatdagi manzili «TST Agro Cluster” klasteri bo‘ldi. Bu klasterda dastlabki paytda faqat paxta yetishtirilgan bo‘lsa, 2020 yildan g‘allachilik ham yo‘lga qo‘yilgan ekan. Rahbariyatining keltirib o‘tgan asosiy raqamlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, joriy yilda 13 400 gektarda g‘alla parvarishlanib, jami 54 ming tonnadan ortiq sara don o‘rib-yanchib olinibdi. 11 461 gektarda yetishtirilgan paxta hosili esa yig‘ib-terib berib olinmoqda. Bunda nafaqat qo‘l terimi, balki 75 ta yuqori unumli paxta terish mashinalaridan foydalanilayotgan ekan. Mavsum yakunlari bo‘yicha 45 850 tonna paxta xom ashyo yig‘ishtirib olinishi, o‘rtacha hosildorlik gektariga 40 sentnerdan ortishi kutilyapti.

Taqqoslash uchun ba’zi bir raqamlar e’tiborimizni tortdi. Ya’ni fermer xo‘jaligi davrida, aniqrog‘i, 2018 yilda o‘rtacha hosildorlik 11,8 sentnerni, yalpi hosil esa 13 054 tonnani tashkil etgan, xolos.
Klaster mashina-traktor parkini zamonaviy texnika va uskunalar bilan to‘ldirayotgani, amaliyotga intensiv texnologiyalar joriy qilayotgani, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish sa’y-harakatlarini ko‘rayotgani muvaffaqiyatlar omili bo‘layotir. Masalan, bugungi kunda raqamli texnologiyalarning so‘nggi yutuqlaridan biri hisoblangan “Cropio” tizimi joriy qilingan. Bu masofadan turib ekin maydonlarining holatini tezkor o‘rganish, monitoring qilish, avtomatik hujjatlashtirish, agrotexnika tadbirlarini oldindan rejalashtirish imkonini bermoqda ekan.

bugungi kunda klaster tomonidan tayyor to‘qimachilik va tikuv mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
Qiymati 140 million yevrolik ushbu loyiha doirasida “Tashkent Cotton Textile” MCHJning birinchi bosqichini bunyod etish ishlari deyarli yakunlagan.
To‘qimachilik majmuasi ip yigirish, bo‘yash, to‘qimachilik, pardozlash va tikuvchilik fabrikalaridan iborat bo‘ladi. Bu yerda yiliga 20,6 ming tonna mato va 65 million dona tayyor to‘qimachilik va tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarilib, uning 80 foizi MDH hamda Yevropa davlatlariga eksportga yo‘naltirilar ekan.
Loyiha yakuni bo‘yicha jami 4 610 ta yangi ish o‘rni yaratiladigan bo‘lsa, ushbu ish joylariga, birinchi navbatda, «Temir daftar», «Yoshlar daftari», «Ayollar daftari»ga kiritilganlar jalb etilishi ma’lum qilindi.

Hozirgi paytda fabrikaga Germaniyaning “Truetzschler GmbH & Co KG” kompaniyasidan keltirilgan eng so‘nggi rusumdagi ip yigirish asbob-uskunalari va boshqa dastgohlar montaj qilinmoqda.
«TST Fish Cluster” klasteri Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi tegishli qarori bilan Quyi Chirchiq tumanidagi «Baliqchi» aksiyadorlik jamiyati negizida tashkil etilgan.
Suv havzalarining umumiy maydoni 2385 gektar bo‘lib, shundan 1750 gektarida baliq parvarishlanmoqda. Shuningdek, baliq chavoqlari olish va o‘stirish uchun ona baliqlar parvarishlash, qishlash hovuzlari mavjud. Bundan tashqari, klaster tarkibida baliqni qayta ishlash sexi, inkubatsiya sexi, maxsus laboratoriya ishlab turibdi.
Klaster tomonidan zog‘orabaliq, oq do‘ngpeshona, oq amur kabi baliq turlari parvarishlanib, yiliga 4 500 tonnagacha baliq sotuvga chiqarilmoqda.
Keyingi paytda baliq yetishtirishda an’anaviy usullardan voz kechilib, intensiv va yarim intensiv usullarga o‘tilyapti. Mazkur texnologiya yordamida baliqlar tig‘iz joylashtirilishi tufayli an’anaviy usuldan 20 barobar ko‘p baliq yetishtirish imkonini berar ekan.
Ta’kidlash kerakki, “TCT Fish Cluster” klasterida baliq genofondini yaxshilash, genetik materialini yangilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, baliq naslini yaxshilash maqsadida Belarus Respublikasi va Rossiya Federatsiyasining ilg‘or baliqchilik xo‘jaliklari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, 9 million dona baliq lichinkalari keltirilibdi. Bu esa 3-5 yil ichida klasterda baliq genofondni to‘liq yangilash (baliq turiga qarab) imkonini bergan.
Klasterda baliq kasalliklarini tez aniqlash va chuqur tahlil qilish, shuningdek, suv sifati va tarkibini baholash xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha zamonaviy laboratoriya majmuasini ham yaratishga qaratilgan ikki bosqichli loyiha amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan birinchi bosqichda ixtiopatologiya, gidrokimyo va gidrobiologiya yo‘nalishlari bo‘yicha yangi zamonaviy laboratoriya majmuasini, ikkinchi bosqichda mikrobiologiya kafedrasi tashkil etilar ekan. Ayni paytda laboratoriya binolarini loyihalashtirish ishlari yakunlanayotgani va qurilish-montaj ishlari joriy yilning noyabr oyida boshlanishi aytib o‘tildi.
Klasterning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keng quloch yozayotgan klaster usuli nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy ahamiyati yuqori bo‘lgan innovatsion usuldir. Quyi Chirchiq tumanida tashkil etilgan «TCT Sluster” MCHJga qilingan press-tur davomida bunga yana bir bor amin bo‘ldik.
Gap shundaki, bu yerda klaster usuli joriy etilgunga qadar qishloq xo‘jaligi sohasida 630 ta fermer xo‘jaligi faoliyat yuritgan. Ular tomonidan 2018 yilda:
— 13 054 tonna paxta (o‘rtacha hosildorlik 11,8 sentner);
— 38 215 tonna g‘alla (o‘rtacha hosildorlik 28, 3 sentner) yetishtirilgan.
Bundan tashqari, tuman bo‘yicha 4 243 tonna sholi olinib, 2743 tonna baliq ovlangan.
Klaster usuliga o‘tilgach, hosildorlik karrasiga oshgan. Masalan, bu yil sholichilikda yalpi hosil qariyb 14 ming tonnaga yetishi, aholi dasturxoniga 5000 tonnaga yaqin baliq yetkazib berilishi kutilyapti.
Endi yana bir oddiy, ammo odamlar ijtimoiy hayotida juda ahamiyatli raqamlarga e’tibor qaratamiz. Ya’ni ma’lumotlarga ko‘ra, fermer xo‘jaliklarida tuman bo‘yicha jami 1698 nafar kishi, baliqchilik xo‘jaligida esa 389 nafar kishi mehnat qilgan. Ularning o‘rtacha ish haqi tegishli ravishda
1,191 million so‘m, baliqchilarniki esa 2,482 million so‘mni tashkil etgan.
Hozirgi vaqtda klaster tarkibiga kiruvchi korxonalardagi doimiy va mavsumiy ishlarda 9 ming nafar qishloq xo‘jaligi xodimlari faoliyat ko‘rsatmoqda, ularning o‘rtacha ish haqi qishloq xo‘jaligida 2,215 million so‘mni, baliqchilik tarmog‘ida esa 3,395 million so‘mni tashkil etmoqda ekan.
Soliq to‘lovlari ham qariyb o‘n barobarga oshgani alohida e’tiborga molik jihatdir. Agar 630 ta fermer xo‘jaligi tomonidan jami 8 904 million so‘m soliq to‘langan bo‘lsa, klaster tomonidan 2021 yil yakunlari bo‘yicha 88 237 million so‘m soliq to‘lovlari qilindi. Ushbu raqam 2022 yilda 94 290 million so‘mga yetishi prognoz qilinyapti. Shuning o‘ziyoq klaster qishloq aholisi bandligini ta’minlash, ularning turmush sharoitini yaxshilash, hudud iqtisodiyotini rivojlantirishda drayverga aylanganini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
O‘zA