Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanidagi “Amanov Sodiqjon” fermer xo‘jaligi rahbari “Surxon cotton cluster” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi paxtachilik – to‘qimachilik klasteri bilan o‘zaro shartnoma tuzib, uning barcha buyurtmalarini belgilangan muddatlarda bajargan. Biroq amalga oshirilgan ishlar uchun to‘lov masalasiga kelganda klaster ko‘zda tutilgan mablag‘ni o‘z vaqtida bermagan.
Klasterning shartnoma shartini bajarishini kutib, sabr-kosasi to‘lgan fermer bu masalani sud tartibida hal etishga kirishdi. Tegishli hujjatlarni Qumqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudiga taqdim etdi. Ishni ko‘rib chiqqan sud fermer xo‘jaligi foydasiga klasterdan 350 million so‘m qarzni undirishni belgiladi.
–Mazkur ish bo‘yicha sudning ijro hujjati MIBning Qiziriq tuman bo‘limi ish yurituviga qabul qilinib, ijro harakatlariga kirishildi, – deydi Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyat boshqarmasi inspektori Sardor Jo‘rayev. – Sud hujjatlarida ko‘rsatilgan mablag‘ni to‘lab berish uchun ixtiyoriy muddat belgilandi. Shu davrda qarzdorlik to‘lab berilmagani uchun amaldagi qonunchilikka muvofiq klasterning hisob raqamlariga band solindi. Inkasso topshiriqnomalari yuborilib, majburiy ijro harakatlari olib borildi. Qarzdorning barcha turdagi mol-mulklariga taqiq qo‘yilib, hisob raqamidan fermer xo‘jaligi foydasiga 350 million so‘m undirib berildi.
Fermer xo‘jaligi rahbari undirilgan pul mablag‘larini ishchilarning to‘lab berilmagan ish haqi va ish faoliyatini yanada kengaytirishi uchun yo‘naltirishini ta’kidlab, sud organi hamda davlat ijrochilariga minnatdorlik bildirdi.
Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida Qiziriq tumanidagi “Surxon cotton cluster” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi paxtachilik-to‘qimachilik klasteri hisobidan sudlar va boshqa organlar hujjatlariga asosan fermer xo‘jaliklari, davlat hamda boshqa subektlar foydasiga bir milliard 700 million so‘m qarzdorlik undirib olinib, ijro hujjatlari ijrosi ta’minlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri