Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Klaster tomonidan O‘zbekistonda birinchi milliy jinsi brendi — «B Jeans» yaratildi
16:13 / 2021-05-27

“Bukhara Cotton Textile” korxonasi faoliyati yildan yilga rivojlanib, mahsulot ishlab chiqarish hajmi va sifati oshmoqda.

Mazkur korxona Prezidentimiz tashabbusi bilan Buxoro shahrining tashlandiq bo‘lib yotgan sobiq to‘qimachilik kombinati hududida barpo etildi. Unga 65,2 million AQSH dollarilik investitsiya yo‘naltirilgan.

Yirik to‘qimachilik majmuasida beshta – yigiruv, bo‘yash, to‘qimachilik, “Denim” jinsi matosiga ishlov berish, tayyor tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarish fabrikalari birlashgan.

Majmuaning umumiy maydoni 10 gektarni egallagan. Bu yerda mavjud bo‘lgan bitta eski bino tubdan qayta rekonstruksiya qilingan, qo‘shimcha ravishda yana 19 ta yangi bino va inshootlar barpo etilgan. Klasterning ishlab chiqarish fabrikalari Germaniyaning “Schlafhorst Zweigniederlassung der Saurer Germany Gmbh&Co KG”, “Volkmann Saurer”, “Beninger AG”, “Xetma”, “Monforts”, “Mayer”, “Menzel”, “Osthoff”, AQSHning “MORRISON”, Belgiyaning “PICANOL n.v.”, Fransiyaning “AESA” kabi dunyo to‘qimachilik sanoatida yetakchi bo‘lgan kompaniyalarida tayyorlangan eng zamonaviy texnologik liniyalar, asbob-uskuna va dastgohlar bilan jihozlangan.

Klaster tomonidan o‘tgan 2020 yilda 21 ming tonna paxta xom ashyosi yetishtirilgan. Paxtani qayta ishlash natijasida qariyb 6 ming tonna ip-kalava, 300 ming pogon metr jinsi matosi va 100 ming dona jinsi tayyor mahsulotlari ishlab chiqarilgan. 7 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.

Korxona mutasaddilarining ta’kidlashicha, yillar davomida xom ashyo sifatida kilogrammi 1,2-1,5 dollardan sotib olib kelingan tola 15-20 dollarlik qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan tayyor mahsulotga aylantirildi. Joriy yilda 26 ming tonna paxta xom ashyosi yetishtiriladi. Uni birlamchi qayta ishlash orqali 9 ming 100 tonna tola olinadi. Tola esa “Bukhara Cotton Textile” korxonasida chuqur qayta ishlanib, undan 8 ming 450 tonna ip-kalava yigiriladi. Keyingi bosqichlarda esa 15 million pogon metr denim jinsi matolari to‘qiladi. Undan 12,5 million dona “Denim klassik” va “Denim streych” shimlari ishlab chiqariladi. Tayyor mahsulotlarning 80 foizi eksport qilinadi.

Klaster tomonidan O‘zbekistonda birinchi milliy jinsi brendi — «B Jeans» yaratilgani uning navbatdagi yutug‘i bo‘ldi. Xaridorlarga ushbu yorliq ostidagi jinsi liboslarini yetkazib berish maqsadida 2020 yilda Toshkent, Buxoro, Samarqand va Namangan shaharlarida klaster savdo tarmoqlari ishga tushirildi. Bu esa “zanjirli” ishlab chiqarishning eng muhim bo‘lgan yakuniy halqasi bog‘langanidan dalolatdir.

Klaster o‘z oldiga respublika bo‘yicha 50 ta ana shunday savdo do‘konlari ochishni maqsad qilgan. Xususan, yaqin kunlarda Andijon va Farg‘onada ana shunday firma do‘konlari ishga tushiriladi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning chet el davlatlaridagi elchixonalari ko‘magida xorijiy davlatlarda 100 ta savdo nuqtasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Ayni paytda Germaniyaning Myunxen, Drezden kabi yirik shaharlarida o‘zbek milliy brendi ostidagi mahsulotlar yetkazib beriladigan dastlabki 7 ta savdo do‘konini ishga tushirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Qirg‘izistonning O‘sh shahrida “Savdo uyi” ochildi. Qozog‘istonda tashkil etish mo‘ljallangan. Kelgusida bunday savdo tarmoqlari Yevropa davlatlari, Boltiqbo‘yi respublikalari, Yaponiya va hatto jinsi vatani bo‘lgan AQSHda ham faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, chet ellardagi savdo tarmoqlari orqali yiliga o‘rtacha 75-80 million yevro miqdorida valyuta tushumiga erishilishi mumkin. Bu milliy brendlarimiz tez orada dunyo bozorlarini egallashidan bir nishonadir.

Toshkent shahrida O‘zbekiston madaniy meros haftaligi doirasida tashkil etilgan “Milliy liboslar — yangi renessans durdonalari” modalar namoyishida “B Jeans” brendi ostidagi liboslar kolleksiyasi ilk namoyishdayoq muvaffaqiyat qozondi. Modalar namoyishida 50 dan ziyod liboslar kolleksiyasi taqdim etildi. “VST Cluster” jinsi matolari asosida yaratilgan liboslar 40 dan ortiq mamlakatlardan kelgan soha mutaxassislari tomonidan yuksak baholandi. Natijada o‘zida tabiiylik, qulaylik va hashamni mujassam etgan “B Jeans” kolleksiyasi “O‘zbek milliy liboslari an’analarini saqlash va rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun” maxsus diplomi bilan taqdirlandi.

“Bukhara Cotton Textile” korxonasida ishlab chiqarilayotgan jinsi matolari rangining tabiiyligi bilan ham ichki va tashqi bozorda ustunlikka ega. Ishlab chiqarishda zarur bo‘ladigan tabiiy bo‘yoq olish uchun xorijdan indigofera o‘simligi urug‘lari olib kelindi. 80 gektar maydonda yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Pirovardida shu yerning o‘zida tabiiy bo‘yoqlar olishga muvaffaq bo‘lindi.

Klaster jamoasi o‘z oldiga korxona faoliyatini kengaytirish, mahsulot turini ko‘paytirish va sifatini yanada yaxshilash evaziga O‘zbekiston jinsi mahsulotlari dunyo bozoridan mustahkam joy egallashiga erishishni bosh maqsad qilib qo‘ygan.

Zarif Komilov,

Tohir Istatov (surat), O‘zA