Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Klaster korxonasining birinchi bosqichi ishga tushirildi
21:50 / 2023-08-03

Kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida yangi sanoat korxonalari, xizmat ko‘rsatish hamda ijtimoiy soha ob’ektlari foydalanishga topshirildi.

Davlat rahbari ramziy tugmani bosib, ishga tushirilgan 10 ta yangi quvvatdan biri Quyi Chirchiq tumanidagi “TST Cluster” paxta-to‘qimachilik klasterining “Tashkent Cotton Tyextile” mas’uliyati cheklangan jamiyatidir.

Mazkur zamonaviy to‘qimachilik majmuasi klasterning yirik investitsiyaviy loyihalaridan biri hisoblanadi. Uning umumiy qiymati 235 million yevroga teng. Tarkibida beshta fabrikani birlashtirgan ulkan majmuaning birinchi bosqichi doirasida 112 million yevro miqdorida investitsiya o‘zlashtirilib, ip yigiruv fabrikasi bunyod etildi. U ishga tushirilishi tufayli 1100 ta yangi ish o‘rni yaratildi. 

— Prezidentimizning g‘oyasi asosida qishloq xo‘jaligiga klaster uslubi joriy etilgach, u o‘tgan qisqa vaqt ichida sohaning “drayveri”ga aylandi, — deydi O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi raisi, senator Murtazo Rahmatov. — Sababi, mazkur innovatsion tuzilma sharofati bilan qishloq joylarida zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari tashkil etilib, ming-minglab yangi ish joylari yaratilyapti. Bu esa aholi bandligini ta’minlash, hududlar eksport salohiyati oshirishga xizmat qilmoqda. Birgina “Tashkent Cotton Tyextile” korxonasida ochilgan yangi ish joylari, klaster erishayotgan yutuqlar fikrimiz tasdig‘idir. 

“Home Textile”, ya’ni o‘y to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan mazkur korxona yiliga 33 ming tonna har xil turdagi kalava ip ishlab chiqarish quvvatiga ega. E’tiborlisi, bu yerda tayyorlanayotgan mahsulotlarning 75 million dollarlik qismi Yevropa davlatlariga eksport qilinishi ko‘zda tutilgan.

— Ip yigiruv fabrikamiz Germaniya, Turkiya, Shveysariya, Italiya kabi davlatlardan keltirilgan so‘nggi rusumdagi ilg‘or texnologik uskuna va dastgohlar bilan jihozlangan, — deydi “Tashkent Cotton Tyextile” MCHJ rahbari Akbarxon Bahramov. — Ular yordamida yuqori sifatli, tashqi bozorda raqobatbardosh kalava iplar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Shu bois xorijda mahsulotimizga bo‘lgan talab hozirdanoq ortib boryapti. 

Ta’kidlash kerakki, umumiy maydoni 41 gektarni tashkil etadigan korxonada kalava ip yetkazib berish bilan cheklanib qolinmaydi, balki paxta tolasi chuqur qayta ishlanib, tayyor to‘qimachilik va tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishning barcha zanjiri yaratiladi. Ya’ni yaqin istivbolda loyihaning ikkinchi bosqichi amalga oshirilib, bo‘yash, to‘qimachilik, matoni pardozlash va tikuvchilik fabrikalari ishga tushiriladi. Natijada xonadon uchun zarur bo‘lgan barcha turdagi to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Ular orasida biz uchun yangilik bo‘lgan pardabop, dasturxonbop matolar to‘qilishi rejalashtirilgani, ayniqsa, diqqatga sazovordir.  

Loyiha to‘liq yakunlangach, yaratilgan ish o‘rinlari soni 4 610 taga yetadi. Unga, avvalo, klaster korxonasi joylashgan Quyi Chirchiq tumanining Mingchinor mahallasi yoshlari, xotin-qizlari jalb etiladi. 

Demak, davlatimiz rahbari tomonidan klasterlar oldiga hududlarda sanoatni rivojlantirish  orqali aholi bandligini ta’minlash, eksport hajmini oshirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalar izchil ijrosi ta’minlanmoqda. 

Said RAHMONOV.