Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Klaster korxonasiga press-tur uyushtirildi
16:26 / 2023-09-25

Mehnat muhofazasiga gohida jiddiy e’tibor qaratilmasada, u aslida inson hayoti va uning xavfsizligi uchun juda muhim omil hisoblanadi. Albatta, biror tashkilot yoki korxonada ishlar ekansiz, xavfsizlik qoidalariga to‘la amal qilish lozim bo‘ladi. Ayniqsa, ishingiz texnika yoki texnologiyalar bilan bog‘liq bo‘lsa, xavfsizlik qoidalarini bilish va unga amal qilish o‘ta muhim. Ish beruvchi bilan ishchi o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomalarida ish jarayonida yuzaga kelgan baxtsiz hodisalar yoki biror bir falokat natijasida yuz bergan holatlar uchun tegishli tartibda to‘lovlar va hokazolar ko‘zda tutilgan, ammo eng yaxshisi, noxush holatlar yuz berishining oldini olishdir.

Qashqadaryo viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat nazorati inspeksiyasining tashabbusi bilan “Paxta dalalarida terimchilarga yaratilgan munosib mehnat sharoitlari” mavzusida tashkil etilgan press-turda bu haqda batafsil to‘xtalib o‘tildi.

Viloyatning Kasbi tumanidagi “Indorama” MCHJ xorijiy klaster korxonasining paxtani qayta ishlash zavodi va laboratoriyalarida mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qay tarzda tashkil etilganligi bilan yaqindan tanishilib, ishchi xodimlar bilan suhbatlashildi.

Ma’lumot uchun: qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirish va uni qayta ishlashga ixtisoslashgan mazkur xorijiy korxona mamlakatimizda bir yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bugungi kunda korxonada 3000 nafarga yaqin xodim faoliyat olib boradi. 47 ming 776 gektar yerda paxta va boshoqli ekinlar, shu jumladan, bug‘doy va arpa yetishtiradi. Jumladan, 2023 yil uchun 975 nafar mahalliy fermer bilan paxta yetishtirish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomalari tuzilgan bo‘lib, 16 ming 340 gektar dala maydonida korxona tomonidan g‘o‘za parvarishlangan. Ushbu yer maydonlarining asosiy qismi Qashqadaryo viloyati hududiga to‘g‘ri keladi. Xususan, korxonaning Qashqadaryo viloyati filialida bir yilda 140-150 ming tonna paxta xomashyosi qayta ishlanadi.

[gallery-13711]

Press-tur qatnashchilari Kasbi tumanidagi klaster korxonasiga tegishli paxta maydonlarida paxta terimi jarayoni va terimchilarga yaratilgan mehnat sharoiti bilan tanishishdi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA