Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kiyevda urushni yakunlash rejasi muhokama qilindi (+video)
19:17 / 2025-11-21

Kiyevda bo‘lib turgan AQSH harbiy mulozimlari Rossiya – Ukraina urushini yakunlash rejasini muhokama qildi. Amerika ommaviy axborot vositalari yozishicha, ushbu reja Tramp tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Muzokarani faollashtirish uchun Turkiyaga borgan Prezident Vladimir Zelenskiy Kiyevda AQSH armiyasi vakili Den Driskoll boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida urushni yakunlash bo‘yicha ehtimoliy kelishuv masalasi ko‘tarilgan.

Jurnalistlar mazkur rejada asosan Moskva talabi ilgari surilgani haqida yozmoqda. Kiyevga ham biroz yon bosilgani aytilsa-da, bunday yondashuv aynan qaysi jihatlarni nazarda tutishiga aniqlik kiritilmagan. Ukraina Prezidenti ma’muriyati AQSHdan shunday reja loyihasi olinganini tasdiqladi.

– Ukraina Prezidenti xalqimiz uchun muhim tamoyilni belgilab berdi, – deyilgan tegishli bayonotda. – Bugungi uchrashuv natijasiga ko‘ra, urushni yakunlash imkoniyatini yuzaga keltirish uchun hujjat bandlari ustida birga ishlashga kelishib oldik.

Driskoll “Kiyevga ukrain amaldorlari bilan suhbatlashib, urushni tugatish mavzusini tahlil qilish uchun kelgani”ni aytgan.

Den Driskoll Tramp ma’muriyatidan Kiyevga kelgan eng yuqori martabali armiya rasmiysi hisoblanadi. U allaqachon Ukraina mudofaa vaziri Denis Shmigal va Qurolli Kuchlar bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy bilan gaplashishga ulgurdi.

Bir necha G‘arb nashri reja 28 banddan iboratligi, hujjatda jumladan Donbass to‘liq, hatto Moskva nazoratida bo‘lmagan hududlar ham Rossiyaga topshirilishi, Ukraina o‘z hududida xorijiy tinchlikparvar kuchlar joylashtirilishidan voz kechishi va armiyasini ikki barobar qisqartirishi, uzoq masofaga uchuvchi qurollardan foydalanmasligi, rus tiliga rasmiy til maqomini berishi, rus Pravoslav cherkovi rasmiy maqomini tiklashi kerakligi nazarda tutilgani xususida yozgan.

Ayrim manbalarga ko‘ra, Vashington Zelenskiy ushbu rejani qabul qilishi talabini qo‘ygan. Binobarin, bu ma’lumotni AQSH ma’muriyati ham, Yevropa davlatlari rasmiylari ham tasdiqlamagan. Faqat davlat kotibi Marko Rubio “har ikki tomon taklifi asosida urushni tugatishga oid g‘oyalar ustida ish olib borilayotgani”ni aytgan, xolos.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ANM7-cXjm5E" title="Kiyevda urushni yakunlash rejasi muhokama qilindi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA