English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kitobxonlikka e’tibor kuchaytiriladi
15:37 / 2025-10-16

Sirdaryo viloyatida kitobxonlikni rivojlantirish, aholini mutolaaga keng jalb etish va kutubxonalarni zamonaviy axborot maskanlariga aylantirish yo‘lida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu haqda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov rahbarligida o‘tgan yig‘ilishda atroflicha muhokama qilindi. Unda viloyatdagi kutubxonalarning moddiy-texnik bazasi, kitob fondi, raqamlashtirish jarayoni hamda aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida kitobxonlik muhitini kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Hozirgi kunda Sirdaryo viloyati kutubxonalarida 54 mingdan ortiq kitob mavjud bo‘lib, ularning deyarli barchasi raqamli shaklga o‘tkazilgan. Shu bilan birga, ayrim tuman va shaharlarda — xususan, Yangiyer, Shirin, Boyovut va Mirzaoboddagi kutubxonalarda sharoitni yaxshilash, binolarni ta’mirlash, zallarni kitob iforiga to‘ldirish zarurati mavjudligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan ushbu hududlardagi kutubxonalarni zamonaviy axborot va madaniyat markazlariga aylantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilishda Erkinjon Turdimov Prezident Shavkat Mirziyoyevning ma’naviyat va kitobxonlikni rivojlantirishga oid fikrlariga tayana turib, “Kitob — inson tafakkurini uyg‘otadigan, millat ma’naviy qiyofasini belgilaydigan buyuk kuch” deb ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masala faqat yig‘ilish mavzusi emas, balki har bir mahalla va xonadon uchun ma’naviy chaqiriqdir.

–   Kitob inson qalbining ozuqasi, diliga nur bo‘ladigan xazina. Bugun har bir mahalla, har bir ta’lim muassasasi, har bir idorada kitobga e’tibor qaratilishi, ma’rifat havosi ufurib turishi kerak. Agar bu ishni tashkil etmagan rahbar ma’naviyatsiz rahbar hisoblanadi. Kitobxonlikni rivojlantirish faqat madaniyat bo‘limi yoki kitobxonachilarning ishi emas — bu barchamizning umumiy vazifamiz. Har bir rahbar, ustoz va ota-ona kitobxonlikni keng targ‘ib etishga mas’ul bo‘lishi lozim. Chunki kitob o‘qiydigan xalq — fikrlaydigan xalq, fikrlaydigan xalq esa taraqqiyotga intiladigan xalq. Shuning uchun viloyatdagi har bir mahallada kitobxonlik muhitini yaratishimiz, yoshlarni kitob do‘stlariga aylantirishimiz zarur,  –  dedi Erkinjon Turdimov.

Viloyat rahbari tashabbusi bilan Sirdaryoda “Kitobxonlar oyligi” hamda “Bir mahalla — bir kitob” aksiyalarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlar doirasida yoshlar bilan ma’rifiy kechalar, ijodkorlar va kitobxonlar bilan uchrashuvlar tashkil etiladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri