Jizzax shahrida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida “Yosh kitobxon oila” tanlovining viloyat bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.
Yoshlar ishlari agentligi hamda bir qator hamkor tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan mazkur tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh oilalar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, har bir oila a’zosini mutolaaga keng jalb etish, o‘zaro mehr-oqibat va odob-axloq fazilatlarini mustahkamlashdan iborat edi.

Quyi bosqichlarda 10 mingdan ortiq kitobxon oilalar ishtirok etgani tanlovning ommaviyligidan dalolat beradi. Jizzax viloyati bosqichida shahar va tumanlarda g‘olib deb topilgan yosh oilalar o‘zaro bilim va zehn sinovida bellashishdi. Ular “Badiiy asarlar bilimdoni” hamda “Tezkor savol-javob” shartlari orqali o‘z bilimi, oilaviy jipsligi va hamjihatligini namoyon etishdi.

Nufuzli hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, Baxmal tumanidan Jabborovlar oilasi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Jizzax shaharidan Abdug‘aniyevlar oilasiga, uchinchi o‘rin esa Paxtakor tumanidan Tog‘ayevlar oilasiga nasib etdi.
– Bu tanlov biz uchun nafaqat bilim, balki oilaviy birlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash uchun imkoniyat bo‘ldi, – deydi tanlov g‘olibi bo‘lgan oila boshi Diyorbek Jabborov. – Kitob mutolaasi oilamizdagi muhitni yanada ma’naviylashtirdi. Respublika bosqichida viloyatimiz sharafini munosib himoya qilishga harakat qilamiz.

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, “Jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari javoni” dan o‘rin olgan sara asarlar jamlanmasi va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.
Shuningdek, tanlovda ishtirok etgan barcha yosh oilalarga bank sertifikatlari va kitoblar to‘plami in’om etildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA