Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kitobxonlik yanada ravnaq topadi
15:16 / 2026-01-16

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning xalqimizni kitobxon millatga aylantirishga oid ezgu sa’y-harakatlari tobora yangicha ma’no va mazmun bilan boyib bormoqda.

Aytish kerakki, xalqimiz azaldan kitobxon, adabiyotsevar xalq. Mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida hamyurtlarimiz, ayniqsa, yoshlarning yaxshi kitobga bo‘lgan qiziqishini tobora kuchaytirish, milliy adabiyotimiz, ijod ahliga e’tiborini yanada orttirish, kutubxonalar faoliyatini davr ruhiga hamohang tarzda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha jiddiy qadamlar qo‘yildi.      

Yurtimizda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning aniq va keng imkoniyatli mexanizmi yaratildi.  Nainki yurtdoshlarimiz, balki xorijliklar havasini keltiradigan “Adiblar xiyoboni” kitobxonlik, adabiyot, she’riyatning fayzli maskaniga aylandi.        

Mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab ijtimoiy-ma’rifiy loyihalar hayotga faol joriy etilmoqda. Mutolaa madaniyatini kuchaytirish va rag‘batlantirish yuzasidan ma’rifiy tanlovlar, viktorinalar, anjumanlar, kitobxonlik haftaliklari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi,  Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va boshqa ziyo maskanlari tomonidan tobora faol o‘tkazilmoqda.        

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning  2026 yil 15 yanvarda qabul qilingan “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori  mazkur yo‘nalishda yangi istiqbollarni ko‘zda tutgani bilan ahamiyatlidir.

Qarorga ko‘ra, 2026-2030 yillarda aholining kitobxonlik darajasi (bir odam o‘qiydigan kitob soni)ni yiliga o‘rtacha 10 ta kitobga yetkazish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi huzurida Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi va uning vasiylik kengashi tarkibi tasdiqlandi.      

Jamg‘arma mablag‘lari ko‘plab ezgu ma’rifiy tadbirlarni moliyalashtirish uchun yo‘naltirilishi belgilandi. Tanlov orqali yosh yozuvchilar uchun grantlar ajratish va asarlarini nashr etish, bolalar adabiyoti yo‘nalishidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, iste’dodli mualliflarni aniqlash va ularga ijod qilish uchun sharoit yaratish maqsadida 1 yilgacha BHMning 50 baravari miqdorida har oy haq to‘lash,  eng sara xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga va milliy adabiyotlarni xorijiy tillarga tarjima qilishda nashrga tayyorlash va chop etish xarajatlarining 50 foizi hamda mualliflik huquqi uchun xarajatlarning 80 foizini qoplash, vasiylik kengashi a’zolariga har chorakda BHMning 50 baravarigacha miqdorda mukofot to‘lash shular jumlasidandir. Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 fevraldan aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish bo‘yicha “Kitob– ma’rifat manbai” dasturi amalga oshiriladi.

Davlat organlarining kitob va kitobxonlik haqidagi reklamalari ijtimoiy axborot (reklama) sifatida tan olinadi. Transportlarda (avtobus, metro, samolyot, poyezdlar) simsiz yoki mobil internet tarmog‘i orqali “Mutolaa” platformasidan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi, qulaylik uchun QR kodlar o‘rnatiladi.  

Umumta’lim muassasalarida “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari tashkil etiladi.  Ushbu klub a’zolari o‘rtasida kitob tahliliga bag‘ishlangan debatlar o‘tkaziladi. Maktablarda klub a’zolariga yiliga kamida 20 ta kitob o‘qitib boriladi. Har chorakda tuman(shahar) kesimida eng faol “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari a’zolari rag‘batlantiriladi.      

Mazkur hujjatga muvofiq, barcha vazirlik va idoralarda 2026 yil 1 martga qadar tegishli soha bo‘yicha tavsiya etiladigan kasbiy faoliyatga oid adabiyotlar ro‘yxati shakllantiriladi. Har yili kamida 3 tadan kasbiy faoliyatga oid xorijiy adabiyotlarni mahalliy nashriyotlar orqali o‘zbek tiliga tarjima qilib, malakali mutaxassislar ishtirokida ularni izohlar, lug‘at va misollar bilan boyitish amaliyoti joriy etiladi.            

2026 yil 1 aprelga qadar tashkilotlarda “Kitob burchagi” tashkil etiladi va xodimlar uchun har oyda “Kitob o‘qish soati” yo‘lga qo‘yiladi. Kitobxonlik bo‘yicha ichki reyting tizimi joriy etiladi.

Tanlov asosida eng ko‘p kitob o‘qigan xodimga 1 oylik ish haqi miqdorida pul mukofoti beriladi. Shuningdek, eng ko‘p kitob o‘qigan top-100 talikka kiradigan o‘quvchi va talabalarning har biriga BHMning 25 baravari miqdorida pul mukofoti beriladi.        

Darhaqiqat, mamlakatimizda keyingi yillarda kitobxonlik  

targ‘iboti bo‘yicha misli ko‘rilmagan ezgu, uzoqni ko‘zlovchi tashabbuslar hayotga keng joriy etilmoqda. Bu sa’y-harakatlar yoshlarni yanada ma’rifatli, bilimli, oqni qoradan ajrata oladigan, sog‘lom tafakkur sohibi etib tarbiyalashda, so‘z san’atining qudratini astoydil his etishi va unga oshno bo‘lishda, yurt istiqbolini ta’minlashda muhim qadamlardir.                                                    

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri