Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanidagi Saxovat mahallasida joylashgan tuman Ma’naviyat va ma’rifat maskanida “Kitobxon onalar” kuni tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbir “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” bosh g‘oyasi ostida, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan tashkil etildi. Ushbu ma’rifiy uchrashuvda Vatan sevgisi, ona yurtni ardoqlash va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan she’r va nasriy asarlar taqdim etildi, kitoblar muhokama qilindi, ishtirokchilar fikr almashdilar.

– “Kitobxon onalar” loyihasi uch yildan buyon har oyning 17-sanasida muntazam o‘tkaziladi. Bu tashabbus orqali minglab ayollar kitob mutolaasiga jalb qilindi, yuzlab oilalarda shaxsiy kutubxonalar shakllandi va kitob hayot tarzi sifatida targ‘ib etilmoqda. Loyiha nafaqat kitobxonlikni rivojlantirish, balki oilaning ma’naviy qadriyatlarini mustahkamlash, ona va farzand o‘rtasidagi ma’naviy bog‘lanishni kuchaytirishga ham xizmat qilmoqda, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Shoira Qarshiboyeva.

Tadbirda mahalla “Oqila ayollar” harakati a’zolari, kutubxonachilar, yosh ijodkorlar, uy bekalari va yosh onalar ishtirok etishdi. Ular o‘z tajribalari va fikrlarini o‘rtoqlashdi, shu orqali mahallalarda kitobxonlikni rivojlantirish va ma’naviy muhitni mustahkamlashda yangi g‘oyalar bilan tanishdilar.
Ushbu tadbir nafaqat ayollar kitob mutolaasiga qiziqishini oshirdi, balki mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy muhitni yanada boyitdi, yoshlarning axborot va ma’naviyatga qiziqishini kuchaytirdi. “Kitobxonlik tashabbusi keng quloch yozmoqda” degan g‘oyaning amaldagi samarasi ana shu tadbir orqali yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri