Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Kitobxonlik haftaligi» yakuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi
13:25 / 2022-04-23

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida «Kitobsevar millat» shiori ostida respublikamiz bo‘ylab keng miqyosda o‘tkazilgan «Kitobxonlik haftaligi» yakuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

YUNESKO tomonidan «Xalqaro kitob va mualliflik huquqi kuni» sifatida bayram qilinadigan 23 aprel kuni bo‘lgan tantanali yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bosh direktori A.Xojayev, Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi B.Sayfullayev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari M.Hojimatov ushbu ma’naviy tadbirning ijtimoiy ahamiyati xususida so‘z yuritdilar.

Haftalik doirasida kitobxonlar o‘zlari sevgan  100 nafardan ortiq shoir va yozuvchilar bilan uchrashish imkoniga ega bo‘ldi. Joylarda 320 ta turli madaniy-ma’rifiy dasturlar, teatr tomoshalari, dizayner-rassomlarning ijodiy ko‘rgazmalari tashkil etildi.

Hafta davomida yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan yetakchi nashriyotlar va kitob-savdo tashkilotlari tomonidan arzonlashtirilgan kitob savdo-yarmarkalari uyushtirildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida «Mehr kutubxonasi» ijtimoiy loyihasi doirasida ijtimoiy muassasalarga 3500 dan ortiq kitob hadya etildi.

II Respublika «Kitobxonlik haftaligi» kitobxonlikni targ‘ib etish, yangi asarlar taqdimotini o‘tkazish bilan birga, oliy o‘quv yurtlarining nashriyot-matbaa sohasida tahsil olayotgan talaba-yoshlar bandligini ta’minlashga ham munosib hissa qo‘shdi.

Xususan, poytaxtimizning – “Magic City” shaharchasida 32 ta nashriyot-matbaa ijod uylari tomonidan o‘tkazilgan «Mehnat yarmarkasi»da sohaga mutaxassis tayyorlovchi 7 ta oliy o‘quv yurtining 340 nafar talaba yoshlar ishtirok etib, ularning 40 dan ortig‘i bilan mehnat shartnomalari tuzish haqida kelishib olindi.

Tadbirda uzoq yillardan buyon axborot-kutubxona sohasida fidoyilik bilan mehnat qilayotgan bir guruh kutubxona xodimlari «Axborot-kutubxona a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Shuningdek, aholining kitob mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan nashriyotlar,  sohada uzoq yillar mehnat qilgan faxriylar, ustoz noshir va matbaachilar,  aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida kitobxonlik va mutolaa madaniyatini targ‘ib qilishda alohida jonbozlik ko‘rsatgan bosma OAVlar, ijtimoiy tarmoq ijodkorlarning mehnatlari ham haftalik tashkiliy qo‘mitasi tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

Tadbirga musiqiy, adabiy -badiiy kompozitsiyalari alohida ko‘tarinkilik baxsh etdi.  Tantanali taqdirlash marosimi ishtirokchilari ushbu haftalik yurtimiz ma’naviy hayotida muhim o‘ringa ega bo‘lishi va kitobsevar xalqimizning eng yaxshi bayramlari qatoridan joy olib, yil bo‘yi davom etishiga ishonch bildirdi.

N.Usmonova,

O‘zA