French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kitobxonlik haftaligi kitob sovg‘a qilish bilan boshlandi
15:43 / 2025-04-21

21-25 aprel kunlari o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston – kitobxonlar yurti” shiori ostidagi V Respublika kitobxonlik haftaligi bugun Samarqandda ham tantanali boshlandi.

Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida haftalik ochilishi marosimida Samarqand viloyat va shahar hokimliklari mas’ullari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, shoir va yozuvchilar, o‘quvchi va talaba- yoshlar ishtirok etdi.  

 Viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyati bo‘limi raisi Toshpo‘lat Tugalov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev yurtimizda aholining kitobxonlik madaniyatini, yoshlarning kitobga mehrini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xayrli tashabbuslar haqida so‘z yuritdilar. Shuningdek, “Sevimli kutubxonamga kitob sovg‘a qilaman” aksiyasi doirasida viloyat axborot-kutubxona markaziga kitoblar tuhfa qildilar.

 Tadbirda ishtirok etgan boshqa rahbarlar va tashkilotlar vakillari ham kutubxonaga kitoblar sovg‘a qildilar.

 Shundan so‘ng O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli publitsist adib Nusrat Rahmatning “Jadid” kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Buyuk jadid, ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida hikoya qiluvchi mazkur roman haqida kitob muallifi hamda samarqandlik ijodkorlar o‘z fikrlarini bildirdilar. Taqdimot davomida yoshlar asar haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga muallifdan javob oldilar.

 – Haftalik doirasida markazimizda ko‘plab tadbirlar rejalashtirilgan, – deydi Samarqand viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Zebiniso Shodiyeva. – Jumladan, bir qator yangi asarlar tadqimotlari, shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar, “Kitob va kino” hamda “Kitobxonlik oiladan boshlanadi” ko‘rik-tanlovlari, “Zakovat” intellektual o‘yini, xalqimiz kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan davra suhbatlari o‘tkaziladi. Shunday tadbirlar tuman va shaharlar, ta’lim muassasalaridagi kutubxonalarda ham tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Besh kun davomida barcha kutubxonalarda “Sevimli kutubxonamga kitob sovg‘a qilaman” aksiyasi o‘tkaziladi.

[gallery-22934]

 Tadbir doirasida viloyatdagi nashriyot va matbaa korxonalari tomonidan chop etilgan kitoblar ko‘rgazmasi ham o‘tkazildi.

 G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari