“Turon” Toshkent viloyati Axborot kutubxona markazida V Respublika “Kitobxonlik haftaligi” tantanali ravishda ochildi. O‘zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 dekabr kungi “2020-2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida 2021 yildan buyon mamlakatimizda har yili aprel oyida tashkil etilib kelinmoqda.
Tadbirlar bu yil “O‘zbekiston – kitobxonlar yurti” shiori ostida o‘tishi reja qilingan. Toshkent viloyati hududlarida ham kitobxonlikni keng targ‘ib etishga qaratilgan turli loyihalar, yangi nashr etilgan kitoblar taqdimotlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Xususan, “Turon” Toshkent viloyati Axborot kutubxona markazidagi tadbir qizg‘in tarzda o‘tgan tadbirda viloyat ziyolilari, O‘zbekiston Respublikasi IIV akademiyasi kursantlari va yoshlar qatnashdi. Dastlab, Toshkent viloyati Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Sh.Nizamudinov, so‘zga chiqib, bu kabi tashabbuslar yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongi tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona Vatan va xalqiga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega bo‘lishini ta’kidladi.
Ayniqsa, yil sayin kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini takomillashtirish, o‘zbek va dunyo adabiyotining eng yaxshi namunalarini internet tarmoqlariga joylashtirish va ularni targ‘ib qilish hamda keng kitobxonlar ommasiga yetkazishdagi samarali ishlar bo‘layotganiga e’tibor qaratildi.
– Mazkur kitobxonlik haftaligi doirasida bizning kutubxonada ham bir qator tadbirlar o‘tishi rejalashtirilgan, – deydi “Turon” Toshkent viloyati Axborot kutubxona markazi xizmat bo‘limi rahbari Shoira Rahimova. – Jumladan, “Yangi asr avlodi” nashriyoti tomonidan chop etilgan kitoblar uchun savdo yarmarkasi ham ko‘pchilik e’tiborida bo‘ladi. Bundan tashqari, tuman-shaharlardagi 21 ta axborot kutubxona markazlari bilan hamkorlikda adabiy uchrashuvlar o‘tkazamiz. Unda yozuvchi va shoirlar, san’at vakillari ishtirok etadi. Bu sa’y-harakatlar tufayli joylarda aholi, ayniqsa, yoshlarni ko‘proq qamrab olinadi. Hozirda to‘rt ming kitob bo‘lgan kutubxona fondida 400 mingdan ziyod asarlar mavjud.
[gallery-22934]
Tadbir davomida folklor jamoalar, maktab o‘quvchilari tomonidan xalq og‘zaki ijodiga oid qo‘shiqlar ijro etildi. Taniqli shoirlarning she’rlari o‘qildi.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA