Navoiy shahridagi 23-umumta’lim maktabida “Kitobxonlik festivali” doirasida o‘tkazilgan tanlovlar yakuniga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.
Tuman va shahar bolalar kutubxonalari rahbarlari, ota-onalar va o‘quvchilar ishtirok etgan tadbir avvalida viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ra’no Hayitova kitob mutolaasi hamda kitobxonlik madaniyatini o‘quvchilar o‘rtasida keng targ‘ib qilish va yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar, targ‘ibot-tashviqot ishlarining ahamiyati va samarasi haqida to‘xtalib o‘tdi.


Festival doirasida joriy yil davomida viloyat bo‘yicha “Ijodkor bolalar”, “Eng faol kitobxon o‘quvchi”, “Eng faol kutubxonachi”, “Eng kitobxon oila” va “Eng kitobxon maktab” nominatsiyalarida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovlarga jami 12 mingdan ortiq o‘quvchi jalb qilindi.


Tadbir davomida mazkur tanlovlarda yuqori natijalarga erishgan 25 nafar g‘olib va sovrindorlar diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.


Tadbirda o‘quvchilar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri