Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kitobxonlar bilan uchrashuvlar
19:40 / 2025-12-15

Mirzapo‘lat Toshpo‘latov 75 yoshda

Taniqli yozuvchi va ssenariylar muallifi Mirzapo‘lat Toshpo‘latov ijodida hayot haqiqati, insoniy munosabatlar va zamondoshlar taqdiri yetakchi mavzu sifatida namoyon bo‘ladi. 

Adib Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi Dashtu Fayzobod qishlog‘ida tug‘ilib, voyaga yetgan.

Keng kitobxonlar ommasi uni, avvalo, telekanallar orqali namoyish etilgan va tomoshabinlar qalbidan chuqur joy olgan “Zanjir” teleseriali ssenariysi muallifi sifatida yaxshi taniydi. Ushbu asar orqali adib inson taqdiri, hayot sinovlari va jamiyatdagi murakkab munosabatlarni ta’sirchan badiiy ifodada ko‘rsata olgan.

Mirzapo‘lat Toshpo‘latov ijodida ibratli voqealar, hayotiy muammolar va oddiy insonlarning qalb kechinmalari markaziy o‘rin tutadi. Uning qalamiga mansub “Yurakdagi sir”, “Beorom to‘lqinlar”, “Bozor ichra bozor”, “Oyni axtarayotgan bola”, “Baxt yulduzi”, “Sanam tog‘idagi gulxan”, “Sirli tuzoq”, “Odamlar” kabi qissa va hikoyalar to‘plamlari ham aynan shu jihatlari bilan kitobxon e’tiborini qozongan.

Bu yil ijodkor o‘zining 75 yillik yubileyini nishonlamoqda. Shu munosabat bilan Qashqadaryo viloyatida ham adib hayoti va ijodiga bag‘ishlangan qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar tashkil etildi.

Dastlabki uchrashuv adib tug‘ilib o‘sgan Qarshi tumani Dashtu Fayzobod qishlog‘ida joylashgan, yozuvchi tahsil olgan 7-sonli maktabda bo‘lib o‘tdi. Unda poytaxtdan tashrif buyurgan mehmonlar, adibning oila a’zolari, sinfdoshlari, yaqinlari hamda maktab o‘qituvchilari ishtirok etdi. Uchrashuv davomida yoshlar ijodkor asarlari, uning hayot yo‘li va ijodiy izlanishlari haqida batafsil ma’lumot oldilar.

Kitobxonlar bilan ijodiy uchrashuvlar Qarshi davlat universitetida davom etdi. Tadbirda mamlakatimizning taniqli ijodkorlari – O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid, “Sharq yulduzi” va  “Zvezda Vostoka” jurnallari tahririyati bosh muharriri  Sirojiddin Rauf, shoir Amir Xudoyberdi va boshqalar so‘zga chiqib, Mirzapo‘lat Toshpo‘latov bilan bog‘liq xotiralar, uning asarlaridagi yetakchi g‘oyalar, badiiy uslubi haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.

Adibning o‘zi ham tadbir ishtirokchilari bilan samimiy muloqot qilib, o‘quvchilik yillari, ijodga kirib kelishi, hikoya va qissalariga asos bo‘lgan hayotiy voqealar haqida so‘zlab berdi. Bunday uchrashuvlar yosh avlod uchun adabiyotga mehr uyg‘otish, milliy adabiyot namoyandalari ijodini chuqurroq anglashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ijodkorning hayot va adabiyot yo‘li, inson taqdiriga daxldor asarlari bugun ham ahamiyatini yo‘qotmagan bo‘lib, kitobxonni fikrlashga, hayotga teranroq nazar tashlashga undaydi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri