Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kitobxon yoshlarning bilimi sinovdan o‘tdi
17:20 / 2025-12-25

Jizzax viloyatidagi Do‘stlik tuman ixtisoslashtirilgan maktabi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Bir oyda bir kitob” loyihasi doirasidagi kitobxonlik tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

“Biz jadidlarni o‘rganamiz” shiori ostida o‘tkazilgan tanlovda jadidchilik harakatining yirik namoyondasi Abdulla Avloniy hayoti va ijodi, uning “Turkiy guliston yoxud axloq” asari hamda “Jadidlar” to‘plamidan o‘rin olgan “Abdulla Avloniy” haqidagi materiallar tahlil etildi. Final bosqichida ishtirokchilarning bilimi test sinovi va savol-javoblar orqali sinovdan o‘tkazildi.  

– Loyihani o‘tkazishdan asosiy maqsad yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda ularga jadidlar merosini chuqur o‘rgatishdan iborat, - deydi Do‘stlik tuman ixtisoslashtirilgan maktabi direktori Shohruh Vaqqosov. – Abdulla Avloniy asarlari yoshlarni ma’naviy kamolotga chorlaydi. Ushbu tanlov orqali o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga va kitob bilan do‘st bo‘lishga undaymiz.

[gallery-26903]

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Sharof Rashidov tuman ixtisoslashtirilgan maktabi o‘quvchisi Humoyun Botirov egalladi. 2-o‘rin Forish tumandagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Sug‘diyona Egamberdiyevaga, 3-o‘rin Baxmal tuman ixtisoslashtirilgan maktabi o‘quvchisi Nurjahon Normurodovaga nasib etdi.

G‘olib va sovrindorlar pul mukofotlari, kitob hamda diplomlar bilan taqdirlandi.

Jamshid YORBEKOV (surat, video), O‘zA