Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kitobxon talabalar uchun “Book Cafe” xizmati yo‘lga qo‘yildi
17:29 / 2025-11-26

Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida talabalarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish va kitob o‘qish madaniyatini rivojlantirish maqsadida yangi loyiha amalga oshirildi. Yangiyer shahar Axborot-kutubxona markazi hamda filial Axborot-resurs markazi hamkorligida tashkil etilgan “Book Cafe” o‘z faoliyatini boshladi.

Ochilish marosimida filial direktori Zafar Hakimov, shahar nuroniylari, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etib, yangi maskanning ahamiyati haqida fikr almashdilar. Tadbirda ta’kidlanishicha, “Book Cafe” talabalar uchun nafaqat dam olish joyi, balki kitob mutolaasi, ijodiy uchrashuvlar, loyihalar ustida ishlash va o‘zaro fikr almashish uchun qulay muhitni ham yaratadi.

Zafar Hakimovning ta’kidlashicha, bu kabi loyihalar yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qilib, ularni kitobxonlikka yanada yaqinlashtiradi. Maskanda zamonaviy interer, o‘qish burchaklari, elektron va bosma adabiyotlar, Wi-Fi imkoniyati talabalar uchun har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratadi.

E’tiborlisi shundaki, “Book Cafe” konsepsiyasi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yoshlar orasida anchadan beri ommalashgan. 2000-yillar oxiri va 2010-yillar boshlarida Yevropa va AQSHda keng tarqalgan ushbu tendensiya keyinchalik Markaziy Osiyo va O‘zbekistonga ham kirib keldi. Bugungi kunda Toshkent, Samarqand, Buxoro kabi yirik shaharlardagina emas, balki kichik shaharchalarda ham bunday kreativ maskanlarning paydo bo‘layotgani yoshlar orasida intellektual muhitga bo‘lgan talab ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Shu ma’noda, Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida yo‘lga qo‘yilgan “Book Cafe” loyihasi talaba-yoshlarning ma’naviyati, dunyoqarashi va ijodiy faolligini oshirishga xizmat qilishi bilan muhim. U yoshlarni kitobxonlikka jalb etish, ularga uchun fikr almashish va ijod qilish uchun qulay maskan yaratishda ahamiyatli qadam hisoblanadi. Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, bu yerda kelgusida kitob taqdimotlari, adabiy kechalar, ijodiy uchrashuvlar va maxsus suhbatlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri