Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Axborot-resurs markazi tashabbusi bilan talabalar o‘rtasida “Kitobxon talaba” tanlovi tashkil etildi.
Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad, yoshlar o‘rtasida kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ularning adabiy saviyalarini yuksaltirish, ijodiy salohiyatlarini qo‘llab-quvvatlash va ularni mustaqil fikrlashga yo‘naltirishdan iborat edi. “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida o‘tkazilgan ushbu tanlovda qoraqalpoq filologiyasi va jurnalistikasi, sanoat texnologiyasi va fizika fakultetlarining iqtidorli va kitobxon talaba-yoshlari faol ishtirok etishdi.

Talabalarning bilim va salohiyatlarini har tomonlama sinovdan o‘tkazish maqsadida tanlov uch bosqichda o‘tkazildi. Birinchi bosqichda ishtirokchilar o‘zlarini tanishtirib, ijodiy chiqishlar bilan o‘zlariga xos fikrlash doirasini namoyish etishdi. Ikkinchi bosqichda o‘zbek, qoraqalpoq hamda jahon tillaridagi mashhur badiiy asarlardan tuzilgan test savollariga javob berish orqali ularning adabiy bilim darajasi baholandi. Uchinchi bosqich esa mustaqil mavzularda fikr yuritish, tanqidiy-tahliliy yondashuvni namoyon etishga qaratildi.

Tanlov g‘oliblari universitet rektorati tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri