Andijon tumanida “Ma’rifatli ona” kitobxonlik ko‘rik-tanlovi e’lon qilindi.
Tuman hokimi Boburjon Yuldashevning tashabbusi bilan tashkil etilgan tanlov tumanda istiqomat qilayotgan ma’rifatparvar ayollar safini kengaytirish, 45 yoshgacha onalarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishi, kitobxonlik va mutolaa madaniyatini yuksaltirish, ularning kitobxonlikda farzandlariga namuna hamda ibrat bo‘lishlarini targ‘ib etish ko‘zda tutilgan.
– Kitob inson tafakkurini charxlaydi, – deydi Andijon tumani hokimi B.Yuldashev. – Kitob hamma davrlarda insonlarga yaqin do‘st, hamroh va dono maslahatchi bo‘lib kelgan. Shu ma’noda onalar yoshlarimizni kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirishi, mutolaa madaniyatini yuksaltirishi o‘ylaymanki, ijobiy samaralar beradi.
Tanlovda o‘qishga tavsiya etilgan kitoblardan eng ko‘p kitob o‘qigan, belgilangan shartlar asosida kitobxonlik bo‘yicha bilim va salohiyatini namoyish etib, birinchi o‘rinni olgan uch nafar onaga olti oylik, uch nafar ikkinchi o‘rinni olgan ayolga 4 oylik, uch nafar uchinchi o‘rinni olgan ayolga 2 oylik xonadonlarining kommunal to‘lovlari, ya’ni elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi va chiqindi uchun to‘lanadigan to‘lovlari to‘lab beriladi.
F.Ubaydullayev, O‘zA muxbiri