Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kitobxon onadan - kitobxon bolaga
11:26 / 2024-01-09

FOTOREPORTAJ

Namangan davlat chet tillari institutida “Kitobxonlik oiladan boshlanadi” shiori ostidagi “Kitobxon onadan – kitobxon bolaga” nomli loyihaga start berildi.  

Institutning Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi Aziza Mirzanazarova hamda Axborot-resurs markazi xodimlari tashabbusi bilan tashkil etilgan loyiha oilalarda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, oliy ta’lim muassasalari, mahalla va oilalar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, farzand tarbiyasi va kamolotida muhim ahamiyat kasb etgan badiiy va ilmiy adabiyotlarni targ‘ib qilish maqsadiga qaratilgan.

Tadbirning ilk qadami To‘raqo‘rg‘on tuman markazi Yortepa ko‘cha mahallasidagi kitobxon oila – Tojiboyevlar xonadoniga yo‘naltirildi. “Ekspress kutubxona” Namangan davlat chet tillari instituti Axborot resurs markazidagi nodir adabiyotlar hamda  Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi Aziza Mirzanazarovaning shaxsiy fondidan o‘rin olgan mavzuga aloqador qo‘llanmalar bilan ushbu xonadon tomon yo‘l oldi.  

[gallery-15372]

E’tiborli tomoni, oilaning har bir a’zosi kitob bilan do‘stlashib ulgurgan, xonadonda mahalladoshlar uchun uy-kutubxona ham tashkil etilgan. Shunga qaramay, bundan-da ko‘proq bilim va ko‘nikma olish istagi bilan oila a’zolarining har biri institut kutubxonasiga a’zo bo‘ldi. Bolajonlarda mavjud qiziqish ularga berilgan sovg‘alar orqali yanada ortdi.  

Samimiy suhbat davomida loyiha tashkilotchilari hamda ishtirokchilar o‘zaro fikr almashdi, nuroniylarning kitob inson hayotini nurafshon etuvchi eng yaxshi hamroh ekani xususidagi mulohazalari tinglandi. Faxriy kitobxonlar boshlangan ushbu ish xayrli davom etishi uchun duo qildi.  

Tadbir yakunida xonadon eshigiga loyihaning maxsus belgisi joylab qo‘yildi.

 

Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA