Sirdaryo viloyatining Shirin shahridagi Yoshlar markazida “Milliy armiya — ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” shiori ostida Vatan himoyachilari kuni oldidan “Sirdaryo IES” ob’ektlarida favqulodda vaziyatlarni oldini olish va ob’ekt xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari ishtirokida “Kitobxon oila” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Sirdaryo viloyatining Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi bilan hamkorlikda tashkil etgan ushbu tanlovda ishtirok etgan jamoalar 4 ta shart bo‘yicha baholandi va qizg‘in, murosasiz bellashuvlardan so‘ng g‘oliblar aniqlandi.


Qizg‘in kurash yakuniga ko‘ra, 1-o‘ringa sazovor bo‘lgan Shuhratjon Hasanovlar oilasi barcha shartlarda uyg‘unlik va mukammallik ko‘rsatib, bilimli, kitobxon oila sifatida e’tirof etildi.


2-o‘rinni Mo‘minjon Kenjayevlar oilasi egalladi, ular ijodiy chiqishlari va faol ishtiroki bilan ajralib turdi. 3-o‘rinni esa Rasuljon O‘rinovlar oilasi egalladi. Ular kitobga bo‘lgan mehri va jamoaviy harakatlari bilan nafaqat hakamlar, balki tanlov ishtirokchilari e’tiborini ham qozonishga muvaffaq bo‘lishdi.

Tanlov yakunida g‘oliblar va faol ishtirokchilar Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri