Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonada “Kitobsevarmillat” shiori ostida “Kitobxon bolalar” va “Dunyo daholari” ruknida chop etilgan kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda jurnalistlar, shoir va yozuvchilar, poytaxtimizdagi axborot-kutubxona markazlari mutaxassislari, hamkor tashkilotlar vakillari hamda bir guruh yosh kitobxonlar ishtirok etdi.
Nashrdan chiqqan kitoblarni varaqlar ekansiz, ulardan o‘rin olgan she’rlar, hikoyalar va ertaklar mazmuniga mos ajoyib rasmlar bilan boyitilib, bolalar e’tiborini o‘ziga jalb qiladigan ajoyib dizayn va yorqin qiyofada chop etilganiga tasanno deysiz.
“Dunyo daholari” rukni ostida chop etilgan kitoblardan o‘rin olgan mashhurlarning har biri o‘z yo‘li, tafakkuri, ixtirolari, olamshumul ishlari va hatto taqdiri bilan dunyoni o‘zgartirgan. Bu insonlar barchani hayratga soladigan, tasavvur va qiziqish uyg‘otadigan ajoyib shaxslar bo‘lib, ular bilan bog‘liq hayotiy hikoyalar o‘ziga ohanrabodek tortadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Jurnalistlar uyushmasi xodimlari tomonidan “Dunyo daholari” rukni ostida chop etilgan o‘nta kitobning audio varianti ham tayyorlanmoqda. Yaqin kunlarda ushbu kitoblar audio variantlari bilan birga mamlakatimizdagi axborot-kutubxona muassasalariga bepul taqdim etilishi rejalashtirilmoqda. Kitoblardan joy olgan ibratli hikoyalar, she’rlar va ertaklar o‘quvchilarga manzur bo‘ladi, degan umiddamiz.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/6n3hbFZmvGQ" title="“Kitobxon bolalar” va “Dunyo daholari” kitoblari taqdim etildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, N. Abduvoitov (video), O‘zA