Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida buyuk adibimiz, o‘zbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriyning besh jildlik “To‘la asarlar” kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu kitoblar to‘plami “Info Capital Books” nashriyoti tomonidan yangicha uslub va dizayn asosida qayta nashr etildi. Ushbu to‘plamni tayyorlash va chop etishga adibning nevarasi mas’ullik qilgan.
- Bir necha yil oldin bu kitob chop etilgan edi. Shunda tezda tarqalib ketdi, mashhur bo‘ldi, - deydi publitsist Baxtiyor Xaydarov. - Bugun endi qayta chop etilgandi va hozir xalqimiz kutgan taqdimot bo‘lib o‘tyapti. Adiblarimiz aytgandek, bu taqdimot adabiyot, kitobxonlar bayramiga aylandi. Oldingi nashrlarda yo‘l qo‘yilgan ayrim juz’iy xatolar, qisqartirishlar yoki o‘sha o‘tgan tuzumda davr talabiga ko‘ra olib tashlangan ayrim qismlari yana o‘z joyiga qaytarilib, to‘ldirilib, mukammal asarlar to‘plami sifatida kitobxonlarga taqdim etilyapti.
E’tiborli tomoni to‘plamdan sevimli asarlarimizdan biri bo‘lgan “O‘tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Diyori bakr” va “Obid ketmon” asarlari asl holicha taqdim etilgan. Mustabid tuzum tomonidan olib tashlangan joylari ham qayta tiklangan. Shuningdek, adibning zamondoshlari, izdoshlari, farzandlari va nabiralarining Abdulla Qodiriy haqidagi bildirilgan fikrlari, arxiv materiallari va xotiralari asosida voqea va faktlar jamlandi. Har bir kitob hikmatlarga yo‘g‘rilgan ulkan xazina bo‘lib, kitob o‘qish – xalqimiz ma’naviyatini, dunyoqarashini yanada boyitishga ulkan hissa qo‘shishi barobarida, inson uchun muvafaqqiyat va saodat eshiklarini ham ochib beradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HZTKO8CSodY" title="Kitobsevarlarga yangilik (+video)" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov (video), O‘zA