“Hunarmand” uyushmasi tomonidan tizimdagi barcha yosh xodimlarning kitobxonlik madaniyati va kitob mutolaasiga qiziqishini yanada oshirish maqsadida “Kitobsevar yoshlar” tanlovi o‘tkazildi.
Tanlov qadimiy va betakror diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy ma’naviy merosini, ularning noyob asarlarini asrab-avaylash, kelgusi avlodlarga yetkazish, yoshlarimizni o‘zlikni anglash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish mezoni asosida tashkil etildi.

3 ta shart asosida o‘tkazilgan tanlovning “Badiiy asarlar bilimdoni” shartida asarlardagi syujetga oid epizod o‘qib eshittirildi. “Tezkor savol-javob” shartida Respublika ishchi guruhi tomonidan tavsiya etilgan badiiy adabiyotlardan tuzilgan savollarga javob berildi.
“Erkin mavzu” shartida Respublika ishchi guruhi tomonidan tavsiya etilgan mavzulardan biri tanlandi va ishtirokchilardan ushbu mavzuda monolog yoki ma’ruza tayyorlash orqali fikrini bayon qilib berishi so‘raldi.
1-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri o‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlaridan iborat kitoblar jamlanmasi va 1 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA