Kitob – bebaho mo‘’jiza, bilim sandig‘i, tamaddun xazinasi bo‘lib, uni har qancha e’zozlasak, arziydi. Insoniyat uchun eng qadimiy, barcha zamon va makonda o‘ta mukammal yaratilgan axborot uzatuvchi vosita ham kitobdir.
Namanganda Prezidentimizning 2022 yil 28 yanvardagi “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida “Kitobsevar millat” umummilliy g‘oyasi asosida tashkil etilgan kitob yarmarkasi ayni shu ezgu maqsadga qaratildi.

Tadbirning ochilishida viloyat hokimligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, maktabgacha va maktab ta’limi, yoshlar ishlari, sport boshqarmalari mutasaddilari, oliy o‘quv yurtlari, texnikumlar, umumta’lim maktablari rahbarlari, ota-onalar, ziyolilar, kitob shaydolari hozir bo‘ldi.

Namangan viloyat hokimining o‘rinbosari Otabek Bozorov, “O‘zdavkitobsavdota’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati Namangan hududiy filiali rahbari, faxriy jurnalist Rahimjon Irisov mamlakatimizda kitob va kitob mutolaasini keng ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritib, bugungi kunda yosh avlod o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish nechog‘lik zaruriyatga aylanganligini ta’kidladi.

“O‘zdavkitobsavdota’minoti” korxonasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu ma’naviy-ma’rifiy ko‘rgazmali-seminar shaklidagi tadbirda yirik nashriyotlarda nashr qilingan 500 nomdagi ijtimoiy-siyosiy, huquqiy sohalar, ilmiy-ommabop mavzular hamda jahon va bolalar adabiyotining durdona asarlarini o‘z ichiga olgan kitoblar sotuvi yo‘lga qo‘yildi. Yarmarka doirasida ilm-fan, adabiyot, san’at, tarix, psixologiya va bolalarga mo‘ljallangan turfa kitoblar taqdim etildi.

– Ajoyib tadbirning guvohi va ishtirokchisiga aylandik. Ko‘rgazmada sport muassasalari xodimlari ham faol ishtirok etdi, – deydi Davlatobod tumani sport maktabi direktori Nizomxon Ahmedov. – Ko‘pchilik o‘ziga yoqqan adabiyotlarni xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ular qatorida o‘zim va maktabda o‘qiydigan qizlarim uchun badiiy, detektiv mavzulardagi adabiyotlarni sotib oldim.

Bir so‘z bilan aytganda, kitob savdosi yarmarkasi barchada katta qiziqish uyg‘otdi. Kitobsevar kishilar nafaqat o‘zlari, balki farzand va nabiralari uchun ham ko‘plab kitoblar xarid qildi. Zero, Uchinchi Renessans davrini barpo etayotgan mehnatsevar va zakovatli xalqimiz “Kitobsevar millat” umummilliy g‘oyasini hayot mezoniga aylantirmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.