Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Kitobsevar millat” shiori ostida II Respublika “Kitobxonlik haftaligi” tashkil etiladi
15:06 / 2022-04-15

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Besh muhim tashabbusning to‘rtinchisi sifatida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish belgilangan.

Shundan kelib chiqib, bu borada tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.   
 
Keyingi yillarda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilning 18-23 aprel kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat markazlari hamda Toshkent shahrida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan Yozuvchilar uyushmasi, Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda bir qator muassasalar hamkorligida “Kitobsevar millat” shiori ostida II Respublika “Kitobxonlik haftaligi” tashkil etilmoqda.   


 
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida haftalik haqida batafsil ma’lumot berildi. Ushbu haftalikning asosiy tadbirlari hamda tantanali ochilish marosimi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida, boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar, turli taqdimotlar, kitob savdo ko‘rgazma-yarmarkalari, intellektual sovrinli viktorinalar “Magic City” istirohat bog‘ida bo‘lib o‘tadi.  
 
– “Haftalik doirasida 100 dan ortiq nashriyotda so‘nggi yillarda nashr etilgan yangi kitoblarning taqdimotlari, o‘nlab taniqli, yosh va iste’dodli yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar, noshir hamda matbaachilar bilan muloqotlar bo‘lib o‘tadi, – dedi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva. – Shuningdek, “Mehr kutubxonasi” ijtimoiy loyihasi amalga oshiriladi va bu orqali respublikamizdagi Mehribonlik hamda Muruvvat uylarining kutubxonalariga kitoblar taqdim etiladi. Bu tadbirlar nafaqat poytaxtda, balki barcha viloyat markazlarida faoliyat olib borayotgan kutubxonalarda ham parallel ravishda tashkil etiladi.   
 
Haftalik doirasida “Noshirlik ishini yangi bosqichga olib chiqish, nashriyotlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash” mavzusidagi amaliy seminar, “Kutubxonachilar va noshirlar hamkorligi”, bolalar adabiyotini rivojlantirishning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan ochiq muloqotlar ham bo‘lib o‘tadi.   


 
Bundan tashqari, tadbir doirasida axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish, kutubxonalarda saqlanayotgan milliy-madaniy merosni asrab-avaylash va boyitish ishlariga munosib hissa qo‘shgan, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish va yosh mutaxassis kadrlarni tayyorlash borasida samarali mehnat qilgan va mazkur yo‘nalishda yuqori natijalarga erishgan xodimlar “Axborot-kutubxona a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.  

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA