Hammamiz yaqinda bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Samarqand sammitining sharafli aks sadolari sururi bilan yashayapmiz. Dunyoning yarmidan uchib kelgan mehmonlar samolyotdan bir go‘zal manzaraga maftun bo‘ldilar. Bu ham bo‘lsa, Samarqand xalqaro aeroportining ochiq kitob shaklidagi timsoli bo‘ldi. Bu timsol bejiz tanlanmagan. Bunda ey aziz mehmon, siz har qarichi kitobdek muqaddas ma’rifat zaminiga qadam qo‘ymoqdasiz, degan eslatma bor. Bu timsolda Birinchi Sharq renessansi, Ikkinchi Sharq Renessansi va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlanayotgan Uchinchi Sharq renessansi mujassam.
Xalqimiz – kitobxon. Azal-azaldan yurtimizda kitob e’zozlanib keladi. Qishning uzoq tunlarida mahalla va qishloqlarda odamlar choyxona, guzar yoki xonadonlarda sandal atrofida to‘planishib, qissaxonlik qilishgan. Badiiy asar qahramonlari bilan xayolan birga yashab, ularning sa’y-harakatlari, jasurligi-yu botirligi, vatanparvarligi, elparvarligi, sevgi-muhabbbati haqida suhbatlar qurishgan.
Kitobdan ta’sirlanib, hayotda ham o‘zlarini asarlar qahramonlaridek tutishga intilganlar. Kitob ularning qalbida Vatanga sadoqat, yurt himoyasi uchun fidoyilik hislarini mana shunday jo‘sh urdirib, dunyoqarashi sarhadlarinibepoyon qilgan. Shuning uchun Sharqda kitob va non yerda yotmaydi. Darhol olib, tepaga, munosib joyiga qo‘yadilar.
Nafaqat bizda, G‘arbda ham kitob e’zozda. Dunyoning oydin kishilari kitobni bag‘riga bosib, ulug‘lab kelishadi. Bunga G‘arb mutafakkirlarining “Kitobsiz uy – tuynuksiz uy” (Genrix Mann), “Kitobsiz xonadon – jonsiz tan(Sitseron), “Qilichga qayroq qanchalik kerak bo‘lsa, aqlimizga kitob shuncha kerak”(Jorj Martin), “Kitobxonlarning barchasi lider bo‘lmasligi mumkin, lekin liderlarning barchasi kitobxondirlar”(Garri Trumen), “Tan uchun mashq qanchalik zarur bo‘lsa, aql uchun kitob o‘qish shunchalik zarur” (Djozef Addison). Qarang, qanday go‘zal fikrlar.
Kitobdagi mana shu fazilatlar bois u dono do‘st. Beminnat ustoz, dilkash maslahatchi. Yuqoridagi hikmatlarni o‘qib, Respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan aholi o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish masalasi katta e’tibor berilayotganining boisini anglaymiz. Ayniqsa, Prezidentimizning 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi shaxdam qadam bo‘ldi.
Mamlakatimizda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil
14 dekabrdagi “2020-2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash Milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishni mustahkam, muntazam asosga qo‘yib berdi. Mana, 2021 yildan boshlab har yili aprel oyining birinchi haftasida “Kitobxonlik haftaligi” o‘tkazib kelinmoqda. Ayniqsa “Yosh kitobxon”, “Eng yaxshi kitobxon oila” kabi tanlovlari bizni kitobxon millatga aylantirmoqda.
Ko‘p kitob o‘qiydigan yoshlar ilgari maqtab qo‘yilgan, xolos. Yangi O‘zbekistonda esa bu fazilat nafaqat maqtaladi, balki moddiy rag‘batlantirilayapti. Mamlakatimizda bir necha kitobxon o‘g‘il-qizlar ko‘p kitob o‘qigani uchun Spark avtomobillari bilan mukofotlandilar. Ularning ayrimlari yap-yangi Spark kalitlarini otalariga sovg‘a qilishdi. Qanchalar go‘zal oqibat, manzara! Bu ibratlar yoshlarimizning kitob o‘qishga qiziqishini alangalatib yubormoqda.
Kitob aslida bebaho ne’mat. Uning ma’naviy qiymatini baholab bo‘lmaydi. Biroq kitob ayni vaqtda mahsulot. Tovar. Xarajatlari bor. Biz kitobni sotib olib, o‘z kutubxonamizni boyitamiz, o‘qiymiz.
Mana shu masalada ozgina mulohazali o‘rinlar ko‘rinib qolayapti-da. Nazarimizda ayrim hollarda kitobga mualliflar va tadbirkorlar tomonidan iqtisodiy jihatdan asoslanmagan narxlar qo‘yilmoqda.
Kitobxon-xaridorlarning aksariyat qismini o‘quvchi-talaba yoshlar tashkil etishini ham unutmaslik lozim. Ziyrak ko‘zlarimiz ularning kitob rastalarida aylanib yurib, o‘zlari sevgan asarlarni varaqlab, varaqlab, yana do‘kon javoniga qo‘yib, chiqib ketishayotganini ko‘rayapti. Sabab – narxida.
Ustiga-ustak hududlarda bir kitobning narxi har xil. Misol uchun Toshkent va Samarqand shaharlarida sotilayotgan kitoblarning narxi mana bunday:
Abu Nasr Forobiyning “Fozil odamlar shahri” kitobi Toshkentda 35.000 so‘m Samarqandda 22.000 so‘m – farqi 13.000 so‘m;
Alisher Navoiyning “Hamsa” asari Toshkentda 32.500 so‘m, Samarqandda 21.000 so‘m – farqi 11.500 so‘m;
“Alpomish” dostoni Toshkentda 40.500 so‘m, Samarqandda 28.000 so‘m – farqi 12.500 so‘m;
Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari Toshkentda 29.500 so‘m, Samarqandda 38.000 so‘m;
Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romani Toshkentda
19.600 so‘mdan sotilmoqda, Samarqandda esa 26.000 so‘mdan narxi belgilab qo‘yilgan – farqi 7.600 so‘m;
O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” asari Toshkentda 26.000 so‘m, Samarqand sotuvida 35.000 so‘m – farqi 9.000 so‘m;
Sa’dullox Oydinning “Saodat asri fidoiy ayollari” kitobi Toshkentda 44.000 so‘m, Samarqandda esa 24.000 so‘m – farqi 20.000 so‘m;
Javlon Javliyevning “Qo‘rqma” kitobi Toshkentda 45.000 so‘m, Samarqandda 50.000 so‘m – farqi 5.000 so‘m.
Kitob narxlaridagi bunday “akrobatika” sinoatini qanday tushunmoq kerak?!
Muhtaram noshirlarimiz, kitob savdosi tashkilotchilari, tadbirkorlarimiz, mualliflarimiz bu haqda o‘z fikrlarini aytsalar...
Shoyad kitob savdosi tarozusining talab va taklif pallalari to‘g‘ri bo‘lsa, degan umid qilib qolamiz.
Azamat HALIMOV,
Respublika Ma’naviyat va
ma’rifat markazi bosh mutaxassisi