Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi 4-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalar ongida kitobga mehr va qiziqish uyg‘otish, ota-onalarda esa kitobxonlik madaniyatini shakllantirish maqsadida “Yoz – kitob bilan soz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida muassasa hududida alohida kitobxona burchagi yaratildi. U yerda ertaklar, rivoyatlar, bolalar uchun mo‘ljallangan badiiy asarlar va tasavvurni boyituvchi rasmli kitoblar namoyish etildi. Bolajonlar uchun qiziqarli mashg‘ulotlar, sahnalashtirilgan ko‘rinishlar va kitob taqdimotlari o‘tkazildi.

Muassasa kutubxonasi “Kitoblar yarmarkasi” orqali 100 dan ortiq yangi kitoblar bilan boyitildi. Ular orasida xalq ertaklari, jahon bolalar adabiyoti durdonalari, axloq-odob, vatanparvarlik va insoniy fazilatlar targ‘ibiga qaratilgan asarlar alohida o‘rin tutadi.

Tadbirda ishtirok etgan ota-onalar mazkur ma’naviy tashabbuslarni yurakdan qo‘llab-quvvatladilar. Maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilaridan birining onasi Ra’no Tojiyeva o‘z taassurotlarini shunday ifoda etdi:

– Bola tarbiyasida kitob o‘qishning o‘rni beqiyos. Bugun farzandim bilan birgalikda ko‘plab rang-barang, mazmunan boy kitoblar bilan tanishibgina qolmay, kitob sotib olib, unga tuhfa qildim. Ayniqsa, xalq ertaklari va axloqiy tarbiyaga oid asarlar menga juda ma’qul bo‘ldi. Bu kabi tadbirlar nafaqat bolalar, balki ota-onalar uchun ham foydali. Chunki biz ham farzandlarimizga qanday kitob tanlash kerakligini bilib olamiz, – deydi Ra’no Tojiyeva.


Tadbirning asosiy maqsadi — bolalarda ertaksevarlikni targ‘ib qilish, tafakkurini boyitish hamda ota-onalar va tarbiyachilarda kitobga qiziqishni oshirishdan iborat.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri