French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kitoblar taqdimoti va matbuot anjumani
16:34 / 2025-04-17

Termiz shahrida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati va so‘nggi paytda nashr etilgan kitoblar taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda islomshunos olimlar, ilmiy tadqiqotchilar, Termiz davlat universiteti va Imom Termiziy nomidagi islom instituti talabalari, Adib Sobir Termiziy nomidagi axborot-kutubxona markazi xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Taqdimotda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Muzaffarxon Joniyev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Husan Mengnorov, Termiz davlat universiteti filologiya fanlari nomzodi Bobonazar Murtozayev, Imom Termiziy nomidagi Islom instituti rektori Kamol Islamov, Adib Sobir Termiziy nomidagi Axborot-kutubxona markazi direktori Ma’ruf Abdushukurov va boshqalar mamlakatimizda islom dini va yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar merosini chuqur o‘rganishga qaratilayotgan e’tibor haqida atroflicha so‘z yuritdi. Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy tadqiqotchilari ham bu borada salmoqli ishlarni amalga oshirayotgani ta’kidlandi. Turli mafkuraviy xurujlar avj olayotgan bizning davrimizda buyuk ajdodlarimizning ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, ulardagi ezgu g‘oya va ta’limotlarni xalqimizga yetkazish va shu asosda yoshlarda sog‘lom dunyoqarashni kuchaytirib, ularni azaliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash haqida fikr almashildi.

[gallery-22868]

Prezidentimizning 2017 yil 14 fevraldagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida islom dini, jumladan, hadis ilmi, Iso Termiziy hamda termiziy allomalar merosi tadqiq etilib, chuqur o‘rganilmoqda. Diniy ta’lim, ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarida foydalanishga qaratilgan darslik va o‘quv qo‘llanmalari, ommabop nashrlar, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlanib, chop etilayapti. 

O‘tgan davrda markaz xalqaro aloqalarni keng yo‘lga qo‘yib, Amerika, Buyuk Britaniya, Turkiya, Hindiston, Jazoir, Markaziy Osiyo mamlakatlari va boshqa qator davlatlardagi ilmiy-tadqiqot markazlari hamda ta’lim muassasalari bilan memorandum imzolab, hamkorlik o‘rnatdi. Shuningdek, ko‘plab xalqaro, mahalliy anjuman va seminarlar tashkil etildi. 

Imom Termiziy, Hakim Termiziy va boshqa termiziy allomalarning asarlari chop etilmoqda. Jumladan, shu paytgacha 35 ta kitob, risola va qo‘llanma nashr etildi. Ulug‘ mutafakkirlarning 13 ta kitobi chop etishga tayyorlanmoqda. To‘rtta kitob tarjima qilinmoqda. Markaz ilmiy xodimlari oltita asar yozmoqda. 

Markazda Imom Termiziy va termiziy allomalarning ilmiy merosiga oid 70 ga yaqin qo‘lyozma asarlarning elektron nusxasi bazasi shakllantirilib, ikki mingga yaqin davriy nashrdagi kitob saqlovga olindi. Ikkita qo‘lyozma kitob va oltita toshbosma asarning katalogi tayyorlandi.

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 15 avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘tgan yili mamlakatimiz, jumladan, ulug‘ olim kamolga yetgan Surxondaryo viloyatida islom olamining eng mashhur olim va ulomalari ishtirokida buyuk ajdodimiz yubileyi keng nishonlangani ham Imom Termiziy hamda termiziy allomalar hayoti va asarlari sayyoramizda hamon katta qiziqish bilan o‘rganilayotganini keng namoyon etdi. 

Tadbirda yangi chop etilgan “Sunani Termiziy sharhi” asarining dastlabki uch jildi, Hakim Termiziyning “Tahsilu nazoir al-Qur’on” asari va boshqa termiziylarning kitoblari taqdimot qilindi. Bu asarlar fiqh, tafsir, hadis, axloq, tasavvuf va tarixiy-ma’naviy meros kabi muhim yo‘nalishlarda bo‘lib, o‘quvchilarning ilmiy saviyasini oshirish, e’tiqodiy va ma’naviy dunyoqarashini boyitishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Tadbir doirasida markaz faoliyati aks etgan videorolik, Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri san’atkorlari sahnalashtirgan “Imom Termiziy” spektaklidan parcha namoyish etildi. Ilmiy-tadqiqot markazi va Adib Sobir Termiziy nomidagi Axborot-kutubxona markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Ishtirokchilarga yangi chop etilgan kitoblar tuhfa qilindi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri