Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev Mirzacho‘l tumani axborot-kutubxona markaziga “Jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari kutubxonasi”dan o‘rin olgan 527 nusxada kitob sovg‘a qildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan – yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish hamda xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shu tashabbuslarning to‘rtinchisi – yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida Mirzacho‘l tumani axborot-kutubxona markazida “Kitoblar olamiga sayohat” nomli kitob ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ko‘rgazmada jahon adabiyoti, bolalar adabiyoti, badiiy adabiyotlar to‘plami, ensiklopediya, qo‘llanmalar va ilmiy adabiyotlar ham namoyish etildi.
– Kutubxonamiz fondi yana yangi adabiyotlar bilan boyidi, – deydi tuman axborot kutubxona markazi direktori R.Boboyev. – Kelajakda kitob fondimiz bundanda boyishiga va viloyatimiz rahbarining ushbu xayrli tashabbusini boshqa rahbarlar ham qo‘llab-quvvatlashiga ishonchim komil.
Yangi kelgan badiiy adabiyotlar yig‘ilgan yosh kitobxonlar va mirzacho‘llik adabiyot ixlosmandlarida chuqur taasurot qoldirdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA