Nega bugun kitob haqida gapirish yana dolzarb? Nega yoshlarni kitobga qaytarish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi? Chunki kitob o‘qimay qo‘ygan jamiyat sekin-asta fikrlashdan, tahlildan, ertangi kunga ishonchdan ayriladi. Yangi O‘zbekiston esa aynan fikrlaydigan, o‘qiydigan, ma’naviy tayanchi mustahkam avlodga tayanishni tanlagan.
Prezidentimiz ilgari surgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish alohida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab qo‘yilgan. “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar, tanlovlar zamirida ham aynan shu fikr yotadi: yoshlar ongini band qilish emas, uni mazmun bilan to‘ldirish lozim.
Shu ma’noda, 2026 yilgi “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida tashkil etilgan “Yosh kitobxon” tanlovining Jizzax viloyati Paxtakor tumani bosqichi jamiyatda kitobga nisbatan yoshlarda hali ham mehr-oqibat so‘nmaganini yaqqol ko‘rsatib berdi.Tanlov keskin bahslar, fikriy to‘qnashuvlar, asarga yangicha qarashlar bilan ishtirokchilarda o‘ziga xos taassurotlar qoldirdi.
Tanlovning tuman bosqichi “Qahramon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan zamonaviy kutubxonada tashkil etildi.
Shartlar ishtirokchilardan yod bilishni emas, fikrlashni talab qildi. Asar orqali muallif nima demoqchi ekani, asosiy maqsad qaysi nuqtada namoyon bo‘lishi, obrazlar qanday vazifa bajarayotgani — mana shu savollarga javob izlandi. Bu jarayonda kitobxon bilan kitob o‘rtasida jonli muloqot yuzaga keldi.
[gallery-27424]
10–14 yosh toifasida g‘olib bo‘lgan Nodira Abdurasoilova shu muloqotni his qila olgan yoshlardan biri ekanini ko‘rsatdi. Uning tahlillarida bolalik samimiyati bilan birga, kutilmagan fikriy yetuklik ham mujassam edi.
15–19 yoshli ishtirokchilar orasida Muqadas Oqbo‘tayeva asarga munosabati, obrazlarni anglashdagi nozik yondashuvi bilan ajralib turdi. U kitobni faqatgina o‘qimadi — uni eshitdi, his qildi, angladi.
20–30 yosh toifasida esa Gulmira O‘ralovaning javoblarida hayotiy tajriba bilan boyigan mutolaa, so‘zga nisbatan mas’uliyat yaqqol sezildi.
“Yosh kitobxon” tanlovi oddiy, ammo juda muhim haqiqatni ochib berdi: kitob har qanday yoshdagi odamni tarbiyalab, uning tafakkkurini yanada boytishga qodir. Uni o‘qigan inson o‘zini anglaydi, jamiyatdagi holatni tahlil qiladi, kelajak oldida befarq bo‘lolmaydi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari