Poytaxtimizdagi «Gulzor» mahalla fuqarolar yig‘inida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan «Kitobxon onalar» ma’rifiy loyihasi doirasida «Xon atlas» milliy matolar festivali hamda «Mushoira etadi davom» nomli adabiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unga poytaxtimizdagi faol ayollar, kitobxon onalar, talaba-yoshlar taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova mamlakatimizda xotin-qizlar uchun zarur imkoniyat va sharoitlar yaratishning muayyan tizimi ishlab chiqilganini ta’kidladi. Bu jihatlar qizlarni oliy ta’limga keng qamrab olish, kitobxonlikni mahallalarda rivojlantirish borasidagi amaliy ishlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

– Kitob o‘qish orqasidan 2022-yilda nevaram Asilaxon Aripova «Yosh kitobxon» respublika tanlovida g‘olib bo‘lib, dadasiga «Spark» avtomashinasini sovg‘a qildi, – dedi Gulnora Rahimova. – Kitobga mehr qo‘ygani sababli ikki nafar qizim jurnalist, o‘g‘lim yurist bo‘ldi. Bugungi tadbir talabalik yillarimni, yoshligimni yodimga solib yubordi. ToshDU – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini bitirganman. Yoshligim kutubxonalarda o‘tgan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Kitobga astoydil mehr qo‘ygan inson hayotda kam bo‘lmasligiga umrim davomida ko‘p marta guvoh bo‘ldim.
Ma’rifiy anjumanda atoqli shoira va yozuvchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarining ahamiyati xususida batafsil so‘z yuritdi.
Eng faol kitobxon xotin-qizlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri