Kitob yaqin doʻstimizga aylansin
Ilm, tafakkur oʻzlikni anglash, dunyoni idrok etishning muhim vositalari hisoblanadi.
Ilm, tafakkur oʻzlikni anglash, dunyoni idrok etishning muhim vositalari hisoblanadi. Davlat qudrati va yurt taraqqiyoti asosida ham ilm-fan, maʼrifat, yuksak maʼnaviyat yotadi. Ilm va maʼrifat manbai esa albatta, kitob va kutubxonadir.
Doimiy kitob mutolaa qilgan, boy maʼnaviy merosdan bahramand boʻlgan har bir inson qalbi ilm va maʼrifat nurlari bilan baquvvat boʻladi. Shuning uchun ham yurtimizda kitob oʻqish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish, kitoblar nashr etish masalalari, shuningdek, mavjud kitoblarni kelajak avlodga sifatli yetkazish vazifasini bajarib kelayotgan kutubxonalar faoliyati rivojiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buni qariyb bir asrdan koʻproq tarixga ega Z. M. Bobur nomidagi Andijon viloyati axborot kutubxona markazi faoliyati misolida ham koʻrish mumkin.
Aholining kutubxonalardan erkin foydalanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, saqlanayotgan milliy-madaniy merosni asrab-avaylash, kitob jamgʻarmasini boyitish boʻyicha ham markazda samarali ishlar olib borilmoqda. Shunga hamohang xalqimizning kitobxonlikka munosabati ham oʻzgarib bormoqda. Boshqacha qilib aytganda, kitobning “obroʻ”si oshmoqda. Kitob — bebaho boylik ekanini, mutolaa jarayonida inson qalbi, ongi va tafakkurida yuz beradigan oʻzgarishlarni boshqa biror mashgʻulot bera olmasligini koʻpchilik anglab yetmoqda.
Qariyb bir asrdan koʻproq tarixga ega axborot kutubxona markazi viloyat aholisiga ilmu maʼrifat ulashib kelayotgan ziyo maskanlaridan biri boʻlgan ushbu muassasa 1907-yilda 389 nusxa kitob bilan tashkil etilgan. Bugungi kunga kelib kutubxonamiz fondida 855 ming nusxadan ortiq kitob mavjud, qolaversa, 28 ming nafardan ziyod kitobxon markazimiz xizmatidan muntazam foydalanuvchilar hisoblanadi.
Yil davomida markazga oʻrtacha 112 mingdan ortiq kitobxon tashrif buyurib, 1 millionga yaqin kitob, gazeta va jurnallardan foydalanadi. Ularning kitob oʻqib bilim olishi, vaqtini mazmunli oʻtkazishi uchun oʻquv zallari, elektron kutubxona boʻlimi, yoshlar bilan ishlash, oʻlkaga oid, huquqiy adabiyotlar sektorlari, xorijiy tillarni oʻrganish zallarida barcha sharoit yaratilgan. Bundan tashqari, “Kutubxona ikkinchi oilam” klubi tashkil etilgan.
Kitobxonlarga masofadan xizmat koʻrsatish uchun kitoblarni raqamlashtirish, elektron katalogni shakllantirish, maʼlumotlar va toʻliq matnli maʼlumotlar bazalarini yaratish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Yaratilgan elektron maʼlumotlar bazasi orqali vaqti boʻlmay yoki boshqa sabablarga koʻra kutubxonaga kelolmaydigan kitobxonlarga masofadan xizmat koʻrsatiladi. Ularga qiziqishlari va soʻrovlari asosida internet orqali zarur axborotlar, elektron shakldagi adabiyotlarni yetkazib berish yoʻlga qoʻyilgan. Umuman, markazda turli loyihalarni amalga oshirish orqali aholini kutubxonaga jalb qilish, kitobxonlar safini kengaytirish va xizmat sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Koronavirus pandemiyasi tufayli mamlakatimizda joriy etilgan karantin sharoitida kitob yurtdoshlarimizning yaqin doʻstiga, hamrohiga aylanishi kerak. Bugun kasallik yuqishi va tarqalishining oldini olish choralari doirasida taʼlim muassasalari, koʻplab korxona va tashkilotlarga taʼtil berilgan. Barchadan imkon qadar uyda qolish, karantin tartiblariga amal qilish soʻralmoqda. Shu kunlarda aksariyat yurtdoshlarimiz, oʻquvchi va talabalar shubhasiz, koʻp vaqtlarini kitob oʻqish bilan oʻtkazmoqda.
Markazimiz jamoasi mana shu sinovli kunlarda kitobxonlarimizni zerikib qolmasliklari, ularga qulay boʻlishini taʼminlash uchun masofadan turib xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻydi. Xususan, markazimiz tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda: elektron kitoblar oʻqish uchun https://t.me/qrcode_kitoblar, audio ertaklar uchun https://t.me/audio_ertaklar, onlayn oʻyinlar oʻynash uchun https://t.me/akmkvest, buyuk allomalar hayoti va faoliyati haqida maʼlumotlar olish uchun https://t.me/buyuklar_azizdir_har_on, yangiliklar bilan tanishish uchun https://t.me/AndijonAKM, audio sheʼrlar uchun https://t.me/audio_sherlaruz, audio rivoyat va hikoyalar eshitish uchun http://t.me/akm_rivoyatlar, kitobga buyurtma berish uchun http://t.me/kitoboling kanallari ochildi.
Men bugungi sinovli kunlarda yurtdoshlarimizga murojaat qilmoqchiman. Xalqimiz azaldan turli sinovlarni sabr-qanoat, iroda bilan yengib oʻtgan. Ushbu sinovdan ham albatta, eson-omon oʻtamiz. Faqat vahima qilmasdan, belgilangan tartiblarga qatʼiy amal qilishimiz kerak. Shu oʻrinda buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sinoning “Vahimaning oʻzi yarim kasallikdir, xotirjamlik yarim sogʻlikdir, sabr esa shifoning boshlanishidir” degan soʻzlarini eslamoq joiz. Demak, xotirjamlik, ahillik bilan ish tutsak, dunyoni tahlikaga solib turgan ofat ustidan gʻolib boʻlamiz.
Qadrli yurtdoshlar, bugun uyda qolib, farzandlarimizni yonimizga olib oʻzimiz yoqtirgan, bizga saboq beradigan kitoblarni oʻqiylik. Zero kitob oʻqish, ilm-maʼrifat insonni yuksaklikka yetaklaydi.
Gulnoraxon ISMOILOVA,
Bobur nomidagi Andijon viloyati
axborot kutubxona markazi direktori