Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kitob va matbuot do‘konlari ko‘paymoqda
16:22 / 2025-10-06

Sirdaryo viloyatida aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va ma’naviy muhitni boyitish maqsadida amaliy ishlar izchil davom etmoqda.

Shu maqsadda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi hamda mahalliy hokimliklar tashabbusi bilan Xovos, Oqoltin, Sardoba, Sirdaryo tumanlari hamda Yangiyer shahrida zamonaviy  kitob va matbuot do‘konlari faoliyat boshladi.

Yangi savdo nuqtalarida kitobxonlar uchun keng tanlov yaratilgan. Bu yerda turli yo‘nalishdagi badiiy asarlar, ilmiy va ilmiy-ommabop adabiyotlar, zamonaviy kitoblar, shuningdek, gazeta va jurnallarni topish mumkin. Do‘konlar nafaqat kitob savdosi maskani, balki aholi uchun ma’naviy muloqot maydoniga aylanishi kutilmoqda.

– Ma’naviyat va ma’rifatni yuksaltirish yo‘lida kitobxonlik madaniyatini targ‘ib qilish eng muhim vazifalardan biri. Shu bois tuman markazlarida bunday kitob do‘konlari tashkil etilib, aholi uchun zamonaviy adabiyotlardan foydalanish imkoniyati yaratilyapti, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyati bo‘limining rahbari Murod Hayitov.

Kitobxonlar fikricha, “Ma’rifat” do‘konlari bilim olish manbai bo‘lishi bilan birga, yoshlar uchun ma’naviy-axloqiy tarbiya, fikr almashish hamda madaniy hayotdan bahramand bo‘lish maskaniga aylanishi mumkin.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri