O‘zbekistonda keyingi yillarda kitobxonlik masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu e’tibor ortida oddiy madaniy masala emas, balki millatning intellektual salohiyatini oshirish, zamonaviy dunyoda munosib o‘rin egallash maqsadi yotibdi.
Prezident tashabbusi bilan kitobxonlikka oid bir qator qaror va farmonlar qabul qilindi. Maktab va oliy ta’lim muassasalari kutubxonalari yangilanmoqda. “Yosh kitobxon”, “Eng yaxshi kitobxon maktab” kabi tanlovlar yo‘lga qo‘yildi. Elektron kutubxonalar va onlayn platformalar ishlab chiqilmoqda.
Biroq, bugun insonlarning eng yaqin do‘sti telefon bo‘lib qoldi. Internet va ijtimoiy tarmoqlar kundalik hayotimizga shunchalik kirib keldiki, hatto ertalab uyg‘onish bilan, avvalo telefonni qo‘lga olamiz.
Internet insonga xabarlarni tez olish, ma’lumot topishning yengilligi, hatto elektron kitob o‘qish kabi juda ko‘p qulayliklar yaratdi. Ammo ijtimoiy tarmoqlar vaqtni behudaga sarflash, dangasalikni keltirib chiqardi. Hatto ko‘pchilikda asabiylik kayfiyatini kuzatish mumkin.
Kitob o‘qish internetdan farqli ravishda insonni sabr va diqqatga o‘rgatadi. Masalan, 100 betlik romanni o‘qigan odam nafaqat voqealarni, balki qahramonlarning ichki kechinmalarini his qiladi, chuqur mulohaza qiladi.
Yana bir muhim jihat — internet axborotni beradi, ammo uni saralashni o‘rgatmaydi. Kitob esa avvaldan saralangan bilim manbai. Misol uchun bir ilm sohasi bo‘yicha kitob muallifi yillab tadqiqot qilib, tajribadan o‘tib, so‘ng asar yaratadi. Demak, kitob — sinab ko‘rilgan va uyg‘unlashtirilgan bilimning shakli.
Sotsiologik tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, internetdan ko‘p foydalangan inson ma’lumotga boy bo‘ladi, ammo kuchli fikr yuritish borasida orqada qolishi mumkin. Kitob o‘qigan inson esa kamroq ma’lumotga ega bo‘lsa-da, unda tahlil qilish va xulosa chiqarish qobiliyati kuchli bo‘ladi.
Ammo inson hayotida birini tanlab, ikkinchisidan voz kechish mumkin emas. Kitob va internet uyg‘unligi — zamonaviy taraqqiyotning asosiy yo‘li. Inson internetdan axborot olsa, uni kitob orqali chuqurlashtirishi lozim.
Shunday ekan, raqobatda g‘olib — insonning o‘zi. Agar u internetni to‘g‘ri boshqarsa va kitobga muhabbatini yo‘qotmasa, bu ikki manba uning dunyoqarashini boyitib, ma’naviy yetuk shaxs bo‘lib shakllanishiga xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA