Sirdaryo viloyati Guliston shahrida “Yangi O‘zbekiston – inson qadri ulug‘langan yurt” shiori ostida bo‘lib o‘tayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar doirasida “O‘zbekiston Qahramonlari” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda ma’naviyat fidoyilari, olimlar, ziyolilar va yoshlar ishtirok etdi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Hojimatov mazkur kitobda hayotning turli sinovlariga qaramay sabot bilan mehnat qilib, xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qilgan davlat va jamoat arboblari, olimlar, ishchi-xizmatchilar, ustozlar, dehqon, chorvadorlar, san’at va madaniyat xodimlari, barcha jabhalarda olib borilayotgan yuksak bunyodkorlik ishlarida doimo kamarbasta bo‘lgan zamondoshlarimizning umr yo‘llari aks etgani haqida gapirib berdi.

Ma’lumot uchun, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida “O‘zbekiston Qahramonlari” kitobi chop etildi. Mazkur kitob-albom millatimiz qahramonlariga ehtirom sifatida yaratildi. Unda Vatanimiz taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shib, “O‘zbekiston Qahramoni” yuksak unvoni hamda “Oltin Yulduz” medali bilan taqdirlangan bir yuz uch nafar yurtdoshimizning ibratli hayoti va faoliyati haqida hikoya qilinadi.
Sh.Suyarov, O‘zA