English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kitob savdosi uchun shartnoma qilingan do‘konda spirtli ichimliklar, madrasa hududida alkogol – madaniy yodgorliklarga zarar yetmoqda...
10:46 / 2022-08-11

Tegishli qonunga ko‘ra, O‘zbekistonda madaniy meros ob’ektlariga zarar yetkazganlik uchun javobgarlik kuchaytirilgan.

Unga ko‘ra, xavfli retsidivist tomonidan ko‘p miqdorda zarar yetkazilsa, mazkur qonun buzilishlari bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha moddiy-madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari jami soni 8208 ta, shundan arxeologiya yodgorliklari soni 4 ming 748 ta, arxitektura yodgorliklari soni 2 ming 250 ta, monumental san’at yodgorliklari 678 ta, diqqatga sazovor joylar 532 tani tashkil etadi.

Madaniy meros agentligi axborot xizmati rahbari Mohinur Imomova tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 60  foizga yaqin holatda madaniy meros ob’ektlarini saqlash, foydalanishga berish va ulardan foydalanish bo‘yicha talablarni qo‘pol ravishda buzilganligi aniqlandi va vaziyatga huquqiy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan.

Xususan, o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tuman «Pastki Novkent» MFY hududida joylashgan «O‘rda tepa» arxeologiya yodgorligiga ham katta zarar yetkazilgan. Ushbu madaniy meros ob’ektining 3-sotix qizil chiziq ostidagi yeri fuqaro tomonidan texnika yordamida kovlanib, o‘zboshimchalik bilan qo‘shib olingan.

O‘rganishlar davomida arxeologiya yodgorligi ob’ektining 100 metrlik muhofaza zonasiga uy-joy qurib olingan. Shuningdek, «O‘rda tepa» arxeologiya yodgorligiga fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan zarar yetkazish bu bilan cheklanib qolmagan. Madaniy meros ob’ektining boshqa tomonidagi 3-sotix qizil chiziq ostidagi yer ham yana bir fuqaro tomonidan texnika yordamida kovlanib, o‘zboshimchalik bilan qo‘shib olingan hamda ushbu yerga daraxt va ekin ekilgan. Muhofaza hududining 3-sotix yerida ham daraxt va boshqa ekinlar ekilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlar idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakilligiga foydalanish uchun berilgan Qarshi shahridagi «Ko‘kgumbaz» jome masjidiga ham kam miqdorda zarar yetkazilgan. Mazkur ob’ektda Madaniy meros agentligining Ilmiy-ekspert kengashi xulosasi olinmasdan, belgilangan talablarga zid ravishda «metallo konstrutsiya» o‘rnatilgan va masjid hududida qo‘shimcha qurilish ishlari olib borilgan.

Madaniy meros ob’ektlari muntazam monitoring qilib borilishi natijasida Qoraqalpog‘iston respublikasi To‘rtko‘l tumani «Kaltaminor» OFY hududida joylashgan miloddan avvalgi IV asrlarga oid «Qo‘yqirilgan qal’a» arxeologiya ob’ektining muhofaza yer chegarasining ichki tomoniga «Nizomiddin Abror» fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan o‘zboshimchalik bilan bug‘doy ekilgani aniqlanib, qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgan. Bu bo‘yicha Ellikqal’a tuman sudi tomonidan huquqbuzarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima jazosi tayinlanishiga erishilgan.

AJRATILGAN MABLAG‘LAR MAQSADLI SARFLANMAGAN

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 8 avgustdagi farmoyishiga asosan «Vaqf» xayriya jamoat fondi Surxondaryo viloyati filialiga 16 ta moddiy madaniy meros ob’ektlari tekin foydalanishi uchun uch tamomlama shartnoma asosida berilgan. 2019-2022 yillar davomida tegishli tashkilot tomonidan jami 929 210 728 so‘m mablag‘lar kirim qilinganligiga qaramasdan 16 ta madaniy meros ob’ektida ta’mirlash, tiklash, obodonlashtirish ishlariga mablag‘lar ajratilmagan.

Bundan tashqari, Madaniy meros boshqarmasining 2022 yil 10 fevralda tegishli tashkilotga taqdimnoma berilganligiga qaramasdan «Qirq qiz» saroyi, «Xo‘ja Samandar Termiziy», «Sulton-Saodat maqbaralari, «Oq ostona», «Kokildorota xonaqosi» arxitektura yodgorligi qarovsiz qolganligi bois bugungi kunda ob’ektlar ta’mirlash va tiklashga muhtoj bo‘lib qolmoqda.

Sherobod tumani Oqtosh ota qishlog‘i Chorbog‘ MFY hududida joylashgan X asrlarga taalluqli «Xo‘jayikon tuz g‘ori» madaniy meros ob’ekti Davlat mulki, «Termiz» davlat muzey-qo‘riqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan. Lekin bugungi kunda Sherobod tuman Tibbiyot birlashmasi tomonidan 2022 yil uchun uch tomonlama ijara shartnomasi tuzmasdan Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 8 apreldagi «Davlat mulkini ijaraga berish tartibi to‘g‘risida»gi qaroriga zid ravishda foydalanib kelayotganligi aniqlangan. Bu borada «Termiz» davlat muzey-qo‘riqxonasi tomonidan Surxondaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga ko‘plab murojaatlar qilingan bo‘lsa-da, masala ijobiy hal bo‘lmagan.

Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani, "Xonabot" MFYda joylashgan «G‘oyib ota» ziyoratgohi madaniy meros ob’ekti Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 avgustdagi farmoyishiga asosan «Vaqf» xayriya jamoat fondiga tekin foydalanishga berilgan. Ammo ziyoratgoh hududida mahalliy aholi tomonidan uch tomonlama ijara shartnomasi tuzmasdan savdo rastalari, do‘konlar, suratxonalar, attraksionlar va tir xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, pullik xizmatlar yo‘lga qo‘yilib choyxona tashkil qilinganligi hamda Madaniy meros agentligining Ilmiy-ekspert kengashining tegishli ruxsati olinmasdan ziyoratgoh hududida qurilish ishlarini amalga oshirayotganligi aniqlangan.

Xorazm viloyati «Ichan-qal’a» davlat muzey qo‘riqxonasi hududidagi «Polvon darvoza» arxitektura yodgorligida ijara asosida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan oilaviy korxona tomonidan 10,0 kv.metr savdo do‘koni va 7.30 kv.metr kitob do‘koniga ijara shartnomasi tuzilgan. Biroq oilaviy tadbirkor tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Moddiy madaniy meros ob’ektlaridan foydalanish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomi talablariga zid ravishda spirtli ichimliklar sotilayotganligi aniqlangan.

Shuningdek, 2021 yilda xususiy firmaga ijaraga berilgan «Tolib Maxsum» madrasasida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari talablariga zid ravishda alkogol ichimliklar sotayotganligi, 2022 yil uchun ijara markazi bilan shartnoma tuzmasdan noqonuniy faoliyat yuritib kelayotganligi aniqlangan.

Belgilangan qonunlarga zid ravishda «Ichan-qal’a» davlat muzey qo‘riqxonasi hududidagi «Pahlavon Mahmud» va «Said Alouddin» maqbaralari mahalliy va xorijiy sayyohlarning ziyoratgohlarga kirishi pullik qilib belgilangan.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida ishchi guruh tashkil qilgan holda «Ichan-qal’a» davlat muzey-qo‘riqxonasi hududidagi jami 70 dan ortiq tadbirkor bilan 2022 yil uchun uch tomonlama shartnomalar imzolangan va qolgan 50 dan ortiq tadbirkor bilan shartnomalar imzolash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.


Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA