Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kitob o‘qish bolaning fikrlash qobiliyatini o‘stiradi, nutqini rivojlantiradi
15:40 / 2025-09-20

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi 40-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida “Mening birinchi kutubxonam” loyihasi o‘tkazildi.

“Bolangiz bilan kitob o‘qing” aksiyasi doirasida tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqqanlar bunday loyihalarning yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyatini alohida ta’kidlab, kitob o‘qish bolaning fikrlash qobiliyatini o‘stirish, nutqini rivojlantirish va ma’naviy olamini boyitishda muhim ekanligini qayd etdi. Shundan so‘ng, partiya Markaziy Kengashi tomonidan tayyorlanib, bolalarga mo‘ljallangan eng sara adabiyotlardan iborat kitob javoni taqdim etildi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, yosh avlodni kitobga qiziqtirishning dastlabki, ya’ni kitob bilan tanishtirish davri dunyoda eng ko‘p o‘qiydigan davlatlarda bola tug‘ilganidan so‘ng 3 yoshgacha etib belgilangan. O‘zbekistonda esa bolalarni kitobga qiziqtirish davri 3 yoshdan boshlanadi. Xalqaro tajribada 3 yoshgacha bo‘lgan davr bolalarni kitobga qiziqtirishning muhim bosqichi hisoblanadi.

Loyiha milliy kontentni rivojlantirishda bolalar kitobxonligini qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratish, bolalarning murg‘ak yoshidan boshlab ota-onalari bilan birgalikda kitob o‘qishni aholi o‘rtasida ommalashtirishning poydevori sifatida belgilash va bolalar uchun mo‘ljallangan adabiyotlarni chop etayotgan nashriyotlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishga qaratilgan. Shuningdek, oilaviy mutolaa an’anasini tiklash va rivojlantirish, kitobxon yoshlar safini kengaytirish va shu orqali bolalarning dunyoqarashi, ma’naviyati va intellektual salohiyatlarini oshirish, ularning ijodiy qobiliyatlariini yuzaga chiqarish, tasavvurlarini boyitish, fikrlash, tahlil qilish va nutq salohiyatini rivojlantirish ham ezgu maqsadlar sirasiga kiradi.

Tadbir doirasida ota-onalar hamda tarbiyachilar uchun “Mahorat darslari” o‘tkazilib, bolalar uchun kitob tanlash hamda ularni o‘qib berishda nimalarga e’tibor qaratish kerakligiga oid maslahatlar berildi. Muassasa tarbiyalanuvchilari va ularning ota-onalari uchun bir qator madaniy-ma’rifiy dasturlar tashkil etildi: bolalar uchun ertak o‘qib berish mashg‘ulotlari, kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Bolalar o‘zlarining eng sevimli kitoblari haqida hikoyalar so‘zlab, kitob mutolaasining foydasi haqida ota-onalari bilan fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Loyiha mamlakatimizda bolalar uchun chop etilayotgan adabiyotlar bilan nafaqat bolalarni, balki ularning ota-onalarini ham yaqindan tanishtirish, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek va jahon adabiyotiga mansub bolalar uchun mo‘ljallangan kitob javonlarini tashkil qilish hamda bu tashabbusni umummilliy harakatga aylantirish, bolalar adabiyoti targ‘ibotiga ko‘maklashish va, eng muhimi, har bir xonadonda oilaviy kutubxonalarni tashkil etish maqsadini ko‘zlaydi.  

Mazkur loyiha boshqa tumanlarda ham davom ettirilishi rejalashitirilib, bu o‘z navbatida, yosh avlod tarbiyasida kitobning o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri