Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar bilan olib borilayotgan tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish, ularning oila va jamiyatdan uzilib qolishining oldini olish, kitob o‘qishni rag‘batlantirish orqali qonunga itoatkor, ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan.

Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga mahkumlarning jazoni o‘tash muddati ular tuzalish yo‘liga o‘tgani munosabati bilan qisqartirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, Jinoyat kodeksi jazoni o‘tash muddatini shaxs tuzalish yo‘liga o‘tgani munosabati bilan qisqartirishni nazarda tutuvchi 74-1-modda bilan to‘ldirilmoqda.

Bunda, mahkumlar tomonidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tasdiqlangan, mahkumlarda to‘g‘ri ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan adabiyotlar ro‘yxatidagi kitoblarni o‘qisa va ushbu kitoblarni o‘qigani fakti tasdiqlangan taqdirda jazoni o‘tash muddati har bir o‘qilgan kitob uchun uch kunga, biroq bir yilda ko‘pi bilan o‘ttiz kungacha komissiyaning xulosasiga asosan sud tomonidan qisqartirilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Ushbu norma faqat jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinishi nazarda tutilgan (umrbod ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganlardan tashqari) shaxslarga nisbatan tatbiq etilishi belgilanmoqda.

Qonunchilikka kiritilayotgan ushbu o‘zgartirishlar bugungi kunda jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan 13,5 mingdan ortiq mahkumlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Shu bilan birga, qonun bilan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunga ham profilaktik hisobga olish asoslari maqbullashtirilishini hamda profilaktik hisobga olinadigan ma’muriy huquqbuzarlik turlari ularning ijtimoiy xavflilik darajasi, xususiyati, kelgusida jinoiy qilmish sodir etilishi mumkinligi kabi mezonlardan kelib chiqqan holda belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-10 va 131-moddalarida nazarda tutilgan, ya’ni yo‘l bezoriligi va transport vositalarini mastlik holatida boshqarganlik uchun sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarlik uchun sud tomonidan muayyan muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslarni profilaktik hisobga olinishi alohida toifa sifatida belgilanmoqda.
2024 yilda transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan 11 mingga yaqin shaxs tomonidan 23 ming 582 yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlari aniqlangan. Oqibatda 1 ming 19 yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, unda 295 nafar fuqaro vafot etgan va 873 nafari jarohatlangan.
Shu bois, yo‘l-patrul xizmati xodimlariga profilaktika inspektorlari tomonidan ko‘maklashish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi va bu orqali transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining barvaqt oldini olish va o‘z vaqtida aniqlash imkoniyatlari kengaytiriladi.
Senatorlar ma’qullagan qonun mahkumlarni axloqan tuzatish, ularda jamiyat qoidalari va an’analariga nisbatan hurmatni shakllantirish borasidagi ishlar samaradorligini oshirishga yo‘l ochadi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA