“Kitob olami” festivalida sakkiz mingdan ortiq yosh ishtirok etdi
Poytaxtimizdagi "Yoshlar ijod saroyi"da O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi hamda O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamkorligida “Kitob olami” kitoblar festivali bo‘lib o‘tdi.
Festival doirasida yangi kitoblar taqdimotlari, arzonlashtirilgan kitob yarmarkasi, yosh ijodkorlar va tarixchi olim Adib Xolid bilan samimiy uchrashuv hamda qiziqarli viktorinalar tashkil etildi.


Yigirmaga yaqin nashriyot o‘zining yangi kitoblari va loyihalarini taqdim qildi. Eng quvonarli jihati, festivalga tashrif buyurgan har bir ishtirokchiga badiiy yoki tarjima asar sovg‘a qilindi.
Ikki kun davom etgan festivalda 8000 nafardan ortiq yosh ishtirok etdi. Bunday festivallar yoshlarning bilimga intilishini kuchaytirib, o‘z kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratishiga yordam beradi.


Gulnoza Boboyeva, O‘zA