Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kitob – ma’naviyat ko‘zgusi: Shahrisabzda adabiy uchrashuv
18:07 / 2026-03-09

Kitob – inson ma’naviyatini yuksaltiruvchi, uni fikrlashga, izlanishga va o‘zligini anglashga yetaklovchi bebaho xazinadir. Azal-azaldan kitob inson kamoloti poydevori, qalb va tafakkur tarbiyachisi sifatida e’tirof etib kelingan.

Chunki mutolaa orqali shaxs dunyoqarashini kengaytiradi, tarixni anglaydi, hayot saboqlarini o‘zlashtiradi. Shu bois, yosh avlodni kitobga oshno qilish, ular orasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish bugungi kunda jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biriga aylanmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvlarida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgani ham bejiz emas. Davlat rahbari tomonidan yosh avlodning ma’naviy kamoloti, ularning kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishini oshirish bugungi kunda davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilanmoqda.

Diyorimizda ham yoshlarning ma’naviy dunyosi keng, teran fikrlaydigan, bilimli avlod bo‘lib voyaga yetishi uchun kitob mutolaasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shunday ma’rifiy tashabbuslardan biri sifatida tashkil etilayotgan ijodiy uchrashuvlar, adabiy muloqotlar ularni adabiyotga yanada yaqinlashtirib, ma’naviy kamolotiga xizmat qilmoqda, deyish mumkin.

Yaqinda Shahrisabz davlat pedagogika institutida “Yuzma-yuz” ijodiy-ma’rifiy loyihasi doirasida taniqli yozuvchi va shoira Shahodat Isaxonova bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda mazkur institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori J.Shonazarov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Qashqadaryo viloyati bo‘limi mutaxassisi Elboy Qulmonov, jurnalist va shoira Nigora Tog‘ayeva, yozuvchi va shoir Abdusamad Vohidov, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Umida Xushvaqtova, jurnalist Qurbonali Azizov, shuningdek institut professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.

Adabiy yig‘in davomida adibaning serqirra ijodiy faoliyati, xususan, “Turon malikalari” turkumidan o‘rin olgan “Bibixonim”, “Nodirai davron”, “Gavharshod begim”, “Chingizxon tuzog‘iga tushgan malika” kabi tarixiy romanlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Tadbir doirasida ushbu institut va “Ma’rifat bitiklari” nashriyoti tomonidan Sh.Isaxonova ijodi bo‘yicha o‘tkazilgan adabiy taqrizlar tanlovi natijalari e’lon qilindi. Tanlovda ishtirok etgan talaba-yoshlar ijodkor asarlarini badiiy-estetik, tarixiy va g‘oyaviy jihatdan tahlil etgan holda mazmunli taqrizlar taqdim etishdi. 

– Tanlovga mamlakatimizning turli hududlaridan, shuningdek, qo‘shni Qozog‘iston Respublikasidan ham ikki yuzga yaqin adabiy taqrizlar kelib tushdi, -deydi hakamlar hay’ati raisi, filologiya fanlari doktori, professor Hulkar Hamroyeva. – Bu avvalo, yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatiga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, tanlovga taqdim etilgan ishlar mazmun va tahlil jihatidan ancha puxta tayyorlangani, ishtirokchilar asarlarni badiiy-estetik, tarixiy hamda g‘oyaviy jihatdan chuqur o‘rganib, o‘z fikr-mulohazalarini asosli bayon etgani bilan e’tiborli bo‘ldi. 

Ijodiy tanlov yakunlariga ko‘ra, “Eng yaxshi adabiy taqrizlar” yo‘nalishida 9 nafar ishtirokchi g‘olib deb topildi. Ular sertifikat, pul mukofotlari va muallifning kitoblari bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, hakamlar hay’ati tomonidan 15 nafar ishtirokchi sara kitoblar to‘plami bilan rag‘batlantirildi. 

– Shahodat Isaxonova bugungi o‘zbek adabiyotida o‘z ovozi va uslubiga ega bo‘lgan ijodkorlardan biri, -deydi yozuvchi Sharofat Ashurova. – Uning asarlarida tarixiy shaxsiyatlar, ayniqsa ayollar taqdiriga murojaat qilinishi bejiz emas. Muallif tarix sahifalarida nomlari qolgan, ammo taqdiri va ichki dunyosi kam yoritilgan ayollar obrazini badiiy talqin orqali yanada jonlantiradi. Shu bois, bu asarlar yoshlar uchun ham katta ma’naviy ahamiyatga ega. Chunki ular orqali o‘quvchi nafaqat tarixni o‘rganadi, balki o‘tmishdagi jasoratli va donishmand ayollar obrazi bilan tanishadi.

Ijodiy uchrashuv ochiq muloqot, savol-javob va mushoira ruhida davom etdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan muallifga murojaat qilib, javoblar oldilar. Davra suhbati yakunida “Yuzma-yuz” klubining faol a’zolari va mehmonlarga klubga a’zolik uchun maxsus nishon belgisi hamda guvohnomalar topshirildi.

Iroda Ahmadova,

O‘zDXA “San’atshunoslik” yo‘nalishi 1-bosqich talabasi