Navoiy viloyati G‘ozg‘on shahridagi 3-umumta’lim maktabi namunali ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Hozirda maktabda 252 nafar o‘g‘il-qiz tahsil olmoqda. Ularga 31 nafar o‘qituvchi turli fanlar bo‘yicha bilim beryapti.
– Maktabimizda bilimli, qobiliyatli, ijodkor o‘quvchilar ko‘p, – deydi o‘qituvchilardan biri Galina Ro‘ziyeva. – Darslarni zamonaviy ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda olib boramiz. Maktabda yaxshi o‘qituvchi sifatida o‘quvchilar mehrini qozonish uchun har bir pedagog o‘z ustida ishlashi lozim. Xoh shahar, xoh qishloq maktabida ishga shunchaki kelib ketgan o‘qituvchi emas, kasbini sevgan o‘qituvchi hurmat qozona oladi. Albatta, bolaga zamon talablari asosida bilim berish uchun o‘qituvchilar ko‘p o‘qishi va o‘z ustida muntazam ishlashi talab etiladi. Bunda esa ularga kitob birinchi yordamchidir. Yurtimizda aholi, ayniqsa, yoshlarda kitobga qiziqish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 tashabbusning biri ham aynan yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan tashabbusdir. Shu boisdan hududlarda maktab kutubxonalari fondini yanada boyitish borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Turli kitob yarmarkalari o‘tkazilmoqda, loyihalar amalga oshirilayotir.
– Inson bilimni asosan kitob orqali oladi, uning tarbiyasi ham kitob yordamida shakllanadi. Yoshlarimiz badiiy adabiyotlarni o‘qiganda, ularning dunyoqarashi kengayadi, hayotga munosabati o‘zgaradi, – deydi maktab kutubxonachisi Madina Jumayeva. – “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida ajratilgan 400 million so‘m mablag‘ evaziga maktabimizda elektron kutubxona tashkil etildi. Buning uchun eng so‘nggi rusumdagi 16 dona kompyuter jamlanmasi, 4 dona oq-qora va rangli printer, bir dona elektron doska olib kelindi. Hozirda kompyuterlarimiz respublika bolalar kutubxonasining “kitob.uz” elektron platformasiga ulangan. O‘qituvchi va o‘quvchilarimiz bemalol foydalanmoqda. Turli davrlarda yashab o‘tgan yozuvchi va allomalar ham kitobni alohida e’tirof etgan.
[gallery-11026]
Fransuz faylasufi Rene Dekart “Kitoblar sizni minglab asr avval dunyodan o‘tgan dohiylar bilan uchrashtiradi”, degan bo‘lsa, latish yozuvchisi Andrey Upit “Kitob hayotning eng olis va qorong‘i yo‘llariga nur baxsh etgan afsonaviy chiroqdir”, deya kitobga yuqori baho bergan. Shunday ekan, har birimiz kitobni eng yaqin do‘st deb bilib, mutolaadan to‘xtamaylik.
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA