French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kitob insonni kamolot sari yetaklaydi
19:37 / 2024-02-13

Yangi kitoblar

Azal-azaldan kitobni xalqimiz qadrlagan, uni asrab- avaylagan. Chunki kitob insonni ma’naviy kamolot sari yetaklaydigan bebaho vositalardan biri hisoblanadi. 

Yurtimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash yangi bosqichga olib chiqildi.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamoasi ham bu jarayonda faol ishtirok etib kelmoqda. 

So‘nggi yillarda kitob nashr qilish, nodir asarlarning tarjima namunalarini yaratish, ularni chop etish, bu orqali xalqimizga ziyo tarqatish, kitoblarni muassasalarga beg‘araz ulashish korxonada an’anaga aylanib boryapti. 

Birgina 2017-2023 yillarda kombinat tashabbusi bilan turli tillarda nashr etilgan 40 dan ortiq ilmiy-texnikaviy, badiiy, publitsistik kitoblar, o‘quv qo‘llanmalar, tarjima asarlar, kitob-albomlar nashrdan chiqarildi. 

Yaqinda kombinat yana bir xayrli ishga qo‘l urdi. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi, texnika fanlari doktori, professor Quvondiq Sanaqulov tahriri ostida “Spravochnik vrednыye veestva ix klassifikatsiya i obiye trebovaniya bezopasnosti” kitobi nashr etildi. Bu tashabbus kimyogarlar, kimyogar-texnologlar, metallurglar, qolaversa, oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari va talabalari, yosh mutaxassislar uchun muhim qo‘llanma bo‘lishi tabiiy. 

– Har qanday kitob inson tafakkuri, iste’dodi bilan yaraladi, – deydi “NKMK” AJ Yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha innovatsiya markazi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Sharafutdinov. – Uning o‘qishliligi muallif va muharrir, dizayni hamda bezaklanishi esa noshir mahoratiga bog‘liq. Buni amalga oshirish oson emas. Vaqt, izlanish, yuksak salohiyat talab etadi. Pishiq-puxta, mahorat bilan yozilgan har qanday asar tez ommalashadi, o‘quvchisini topadi, hech qachon qadr-qimmatini yo‘qotmaydi. Yuqorida keltirilgan qo‘llanmani ilm-fan mulkining xuddi shunday javohirlaridan biri, deyish mumkin. Yetti yuz yetmish olti betdan iborat va ming nusxada chop etilgan bu kitobni yaratishda mamlakatimizning tibbiyot, kimyo, biologiya, geologiya, texnika sohalarining 35 nafar taniqli olimi, tajribali muharrir va musahhihlari ishtirok etdi. Ilmiy ahamiyatga ega bu qo‘llanma kitobxonni fikrlashga, unda keltirilgan kimyoviy elementlarning xususiyatlarini chuqur va to‘g‘ri idrok etishga, ilm sirlarini to‘la anglashga katta imkoniyat yaratadi. 

Eng quvonarlisi, yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, kombinat tomonidan nashr etilayotgan har bir kitobdan kutubxonalar, vazirlik va idoralar, oliy ta’lim va ilmiy muassasalar, olim va tadqiqotchilarga beg‘araz homiylik sifatida tuhfa etilmoqda. Jumladan, “Spravochnik vrednыye veestva ix klassifikatsiya i obiye trebovaniya bezopasnosti” kitobi ham 77 ta oliy o‘quv yurti, Fanlar akademiyasi va uning 12 ta bo‘limi hamda institutlari, 17 ta kutubxona, 14 ta vazirlik, idora va korxona, shuningdek, olim va tadqiqotchilar, kombinatning har bir bo‘linmalariga bepul tarqatildi. 

“Buyuk ixtirolarning sehrli olami”, “O‘zbekistonda kon-metallurgiya tarixi”, “Vaqt – umuminsoniy qadriyat”, “Yangi istiqbollar sari”, “Kosmoplanetar olam va yer jarayonlari haqida”, “Yangilanayotgan O‘zbekiston: Navoiy kon-metallurgiya kombinatining yangi tarixi”, “Metall va menerallarning shifobaxsh xususiyatlari”, “Istoriya gornoy metallurgii Uzbekistana”, “Strategy of the long-term development of the Kyzylkum region” va boshqa asarlar kombinat tizimidagi ilm-fan fidoiylarining ijod namunalaridir. 

Shuningdek, keyingi yillarda chop etilgan “Kengliklar sururi”, “Uyg‘oq xotiralar”, “Zomin ilhomlari”, “Mehnatidan qadr topganlar” kabi to‘plamlar, “Umr dovonlari”, “Yillar mening taqdirimda”, “Hayot chorrahalarida”, “Umr solnomasi” va boshqa publitsistik asarlar ham kitobxonlar qalbidan joy olib ulgurdi. 

Bu ishlarning ortida katta zahmat, mehnat yotganligini har qanday zukko o‘quvchi yaxshi biladi. Chunki bu kabi kitoblar odamlarni faqat yaxshilikka yetaklaydi, bilimini oshirishga xizmat qiladi. Unutmaslik kerakki, har bir inson, ayniqsa, yoshlar kamolotida kitobdan yaxshiroq vosita yo‘q va uning ta’sirchanligi ham shundadir. 

Muxtasar aytganda, kitob chiqarish, ziyo tarqatish bundan buyon ham kombinat jamoasining bosh maqsadlaridan biri bo‘lib qolaveradi. 

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri