Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kitob - hayot murabbiyi
13:09 / 2025-10-04

Insonning jismi yemoqdan, ichmoqdan va yaxshi dam olmoqdan oziqlanadi, rivojlanadi. Biroq odamzot faqat moddiyatdangina tashkil topmagan. Uning boshqa jonzotlardan farqi ham shunda. U tafakkurli, ongli qilib yaratilgan. Ammo kishi o‘z ruhini oziqlantirib turmas ekan, oxir-oqibat zalolat botqog‘iga botishdan boshqa chorasi qolmaydi. Xo‘sh, u ozuqa nima? Bu, shubhasiz, kitobdir.

Kitob bilan hamnafas yashaydigan insonlardan so‘rasangiz, albatta muvaffaqiyat siri sifatida uni e’tirof etadilar. O‘qimaslikning oqibatlari esa kishi hayoti uchun achinarli tus olishi aniq. Biz yuqorida jism va ruhni bejiz taqqoslamadik. Jism bemor bo‘lsa, unga shifokordan davo toparmiz. Lekin qalb jarohatiga, ruhning tug‘yonli savollariga malham va javob bo‘ladigani tanho kitobdir.  

Agar inson aqlini daraxtga mengzasak, kitobdan suv ichmasa, mevasiz va soyasiz degani. Daraxt-ku qurib qolsa, har holda o‘tin bo‘lib kulga aylansa-da, insoniyat uchun manfaatlidir. Biroq kitob o‘qimagan kishi, avvalo, eng katta zararni o‘ziga, shu bilan birga butun atrofga olib kelgan hisoblanadi.

Insonni hayvondan ajratib turadigan omil bu ong bo‘lsa, insonni insondan ajratib turadigan bu saviyadir. Kitob o‘qimay turib, saviyali bo‘lish esa yong‘oq ekib, undan olma kutish bilan barobar. Inson borki, sinovlarda toblanib yashaydi. Bu sinovlarga bo‘lgan munosabat esa uning bevosita haqiqiy darajasini belgilab beradi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, iste’dodli shoira Ozoda Bekmurodova kitob haqidagi kechinmalarini shunday ifodalaydi:

Do‘stlar yuragimdan kechib ketganda,

Ruhim oqqushlari uchib ketganda,

Yulduzlar benishon o‘chib ketganda,

Kitobga suyandim, faqat kitobga.

Darhaqiqat, har qanday chorasiz odam kitob o‘qisa, albatta uning yo‘li yorishadi. Mutolaaga begona kishi esa zulmatda qolgan ko‘zi ojiz va qulog‘i ham eshitmaydigan odamdan farqi qolmaydi.

Shuning uchun ham bugungi kunda yurtimizda kitobxon millat sifatida shakllanishimiz yo‘lida ulkan sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Alohida strategiyalar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq qilinmoqda.  

Bu o‘z samarasini berib, kitobxonlar soni sezilarli darajada ortib bormoqda. Ular uchun zarur joylarda kutubxonalar tashkil qilinib, qulayliklar yaratilmoqda. Ko‘rish bo‘yicha imkoniyati cheklanganlarni hisobga olish bilan birga, boshqalarga ham doim mutolaa bilan band bo‘lishlarini ta’minlash maqsadida audio kitoblar soni oshib bormoqda. Shu maqsadda ‘Kitob+”, “Mutolaa” kabi loyihalar ishlab chiqilib, mohir suxandonlardan ravon tarzda tinglash imkoniyati yaratilmoqda.

Murabbiysiz kishi manzilsiz yo‘lovchiga o‘xshaydi. O‘z yo‘l boshchimizdan yuz o‘girib, o‘zimizga jabr qilmaylik. Zero, kitob - hayot murabbiyi.

Sherbek Islomov,

O‘zA