English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kitob har bir inson hayotida nur va ma’rifat manbai bo‘lib qolishi kerak
11:52 / 2025-08-13

Kitob – insonning ma’naviy olamini boyituvchi, fikr doirasini kengaytiruvchi va uni chuqur mushohada hamda teran anglashga o‘rgatuvchi bebaho xazina. U nafaqat bilim manbai, balki odob-axloq, ma’rifat va madaniyat saboqlarini beradigan, hayot yo‘lida doimiy yo‘ldosh hisoblanadi.

Har bir o‘qilgan kitob inson qalbida yangi bir ma’no va idrok eshigini ochib, hayotga yangicha nazar bilan qarashga undaydi. Kitob mutolaasi sabab inson o‘tmishdan meros qolgan beqiyos ma’naviy boylikka ega bo‘ladi. 

Shu maqsadda “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatida doimiy kitob yarmarkalari tashkil etiladi va xodimlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyati targ‘ib qilinadi.

Bugun ham tashkilotda navbatdagi kitob yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Unda jamiyatda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar va ishchi-xodimlar ishtirok etib, yangi nashrlar bilan tanishish, o‘ziga ma’qul kitoblarni xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. 

Jamiyat axborot xizmati rahbari Shahnoza Ravshanova ta’kidlaganidek, bu tadbirlar jamoa a’zolari uchun nafaqat kitoblar olami bilan tanishish, balki bilim olish va kasbiy salohiyatni oshirish imkoniyatidir.

– Kitob har bir inson hayotida nur va ma’rifat manbai bo‘lib qolishi zarur. Biz yarmarkalar orqali xodimlarimizda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirish, ularning ma’naviy ehtiyojlarini qondirishga harakat qilamiz. Kitob hayotimizning ajralmas qismi bo‘lib qolishi kerak. Shunday ekan, u haqiqiy ma’naviyat sarchashmasi sifatida inson va jamiyat taraqqiyotining eng muhim tayanchi bo‘lib kelgan va kelgusida ham shunday bo‘lib qoladi, – dedi u. 

Darhaqiqat, kitob ma’naviyat sarchashmasi sifatida insonda ezgulik, mehr-shafqat, vatanparvarlik, haqiqatga intilish kabi oliy insoniy fazilatlarni shakllantiradi. Bugungi kunda har qanday jamiyatning taraqqiyoti va intellektual salohiyati ko‘p jihatdan aholining kitobga bo‘lgan munosabatiga bog‘liq. 

Nasiba Ziyodullayeva,

O‘zA