Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kitob ellarni birlashtiradi
15:44 / 2022-04-19

So‘ngi yillarda yurtimizda kitobxonlik targ‘ibotiga alohida e’tibor qaratilayotgani hech birimizga sir emas. Joylarda uchrashuvlar, kitob taqdimotlari o‘tkazilmoqda.

 Kitob o‘qishga chorlovchi qator kitobxonlik tanlovlari uyushtirilmoqda.  

Respublikamiz bo‘ylab an’anaviy kitobxonlik haftaligi festivaliga start berildi. Bunda har bir viloyat turli mezonlar ostida ushbu ma’naviyat bayramini nishonlashga kirishgan. Poytaxtimizdagi “Magic City” bog‘ida toshkentliklar va mehmonlar uchun kitob yarmarkalari, ijodkorlar bilan uchrashuvlar uyushtirilmoqda. Nashriyotlar bir-birlari bilan sog‘lom raqobatlashishi, mushtariylar mualliflar bilan yuzlashishlari uchun imkoniyatlar yaratilgan.  

O‘zA muxbiri tadbirda ishtirok etayotgan ijodkorlarning taassurotlari bilan qiziqdi.  

Nodirabegim Ibrohimova, tarjimon, yozuvchi:  

– O‘tkazilayotgan kitob haftaligi ijodkor va kitobxonni bir biriga yaqinlashtiradi. Rasmiylikdan xoli o‘tgan mazkur tadbir davomida g‘oyibona muxlislarimiz bilan yuzma yuz ko‘rishdik, erkin muloqot qildik. Chegirmali narxlarda sotilayotgan kitoblar o‘z egalarini topdi, mualliflar va tarjimonlar xalqqa yaqindan tanishtirildi, dastxatlar qo‘yildi.  

Festivalning ilk kunidayoq yosh yozuvchilarga va bolalar adabiyotiga katta ahamiyat qaratildi. Mening ham kitoblarim ushbu festivalda targ‘ib qilingani, ommaga tanishtirilgani ko‘nglimni tog‘dek ko‘tardi. Bunday ma’naviy tadbirlar ijodkorlarga o‘zgacha ilhom va kuch beradi va albatta, bu kabi haftaliklar kitobxonlik rivojiga katta hissa qo‘shadi. 

Abbos Serobov, “Akademnashr” nashriyoti xodimi:  

– Kitobxonlik haftaligi yaxshi tashkillashtirilibdi. Bu noshirlar, kitobxonlar va barcha kitobga aloqador insonlar uchun yaxshi yangilik bo‘ldi. Birinchi kun o‘tdi. Ochilish marosimi bo‘ldi, savdo yarmarkalariga start berildi. 

Kechagi xulosalarim orqali aytishim mumkinki, “Magic City” bog‘iga tashrif buyuruvchi aholi qatlami orasida kitobga bo‘lgan e’tibor kam bo‘lyapti. Odamlar hali istirohat bog‘larida kitoblarni ko‘rib o‘rganmagan. Kichik do‘konlar ko‘p, lekin birortasida kitob sotiladigan joyga ko‘zim tushmadi. 

Doimiy kitob sotuvi yo‘lga qo‘yilsa, odamlar dam olish maskanlariga borganda ko‘zi kitoblarga tushaversa, kitoblarga nisbatan qarashlari ijobiy tomonga o‘zgaradi. Yoshlar yanada kitobga yaqinlashadi. 

Abdulaziz Ahmad, “Faktor books” nashriyoti menejeri:  

– II Respublika kitobxonlik haftaligida jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish qanday bo‘lishiga yaqqol guvoh bo‘ldim. Poytaxtimizning markazida, xalqimizning oilaviy dam oladigan ko‘ngilochar istirohat bog‘ini hech qachon bunaqa fayzli holatda ko‘rmagandim. Bog‘ bo‘ylab nashriyotlarimizning ko‘rgazmalari, donaga ham ulgurji narxdagi arzon va sifatli kitoblari joy olgan.  

Katta sahnada esa navbati bilan kitob taqdimotlari, qiziqarli o‘yin va viktorinalar tashkil etilyapti. Ularning yonidan hech kim befarq o‘tib ketolmaydi.

D.Mamatova, 
O‘zA muxbiri