2026-yil 15-yanvar kuni “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilinli.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Oliy sudda kitob yarmarkasi tashkil etildi.
Mazkur tadbir sudyalar va xodimlar o‘rtasida mutolaa madaniyatini yanada yuksaltirish, kitobxonlik muhitini mustahkamlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyatli.

Huquqshunoslik, davlat va jamiyat boshqaruvi, tarix, badiiy adabiyot, ma’naviyat va ma’rifatga oid ko‘plab kitoblar orasida sudyalar va sud apparati xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan yangi nashrlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Eng muhimi, ishtirokchilar o‘zlariga ma’qul va manzur kitoblarni xarid qildi.
Tadbirda kitob – inson qalbini yuksaltiruvchi, tafakkurni charxlovchi va adolat tuyg‘usini mustahkamlovchi beqiyos ma’naviy ozuqa manbai ekani ta’kidlandi. Ayniqsa, adolatni qaror toptirishdek yuksak va mas’uliyatli vazifani bajarayotgan sudyalar uchun mutolaa nafaqat bilim manbai, balki xolislik, vijdon va insof kabi fazilatlarni mustahkamlovchi muhim omildir.

Kitob insonni fikrlash, tahlil qilish, voqelikka chuqur va xolis yondashishga o‘rgatadi. Sud tizimi xodimlari uchun esa bu sifatlar kasbiy faoliyatning ajralmas qismi hisoblanadi. Shu ma’noda, yarmarka sud jamoasining ma’naviy dunyosi va intellektual salohiyatini boyitishga xizmat qildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bunday kitob yarmarkalarini muntazam ravishda o‘tkazish muhimligi ta’kidlanib, mutolaa madaniyatini keng targ‘ib qilish adolat tizimida yuksak ma’naviyat va mas’uliyat muhitini yanada mustahkamlashi qayd etildi.
N.Abduraimova,
O‘zA